Angrenda tibbiy xizmat yanada yaxshilanmoqda
Angren shahrida bir qator tibbiyot ob’ektlari foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Toshkent viloyati hokimligi vakillari, shahar hokimi Alisher Rayimov, keng jamoatchilik vakillari, shifokorlar ishtirok etdi.
Dastlab mehmonlar shahar tibbiyot birlashmasi tarkibida tashkil etilgan tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazining tantanali ochilish marosimida qatnashdi. Prezidentimizning 2021 yil 26 iyuldagi “Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan Respublika bo‘yicha jami 35 ta tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilishi belgilangan bo‘lib, shundan bittasi Angren shahrida ish boshlagan. Bu yerda Angren, Olmaliq va Ohangaron shaharlari, Ohangaron tumani aholisiga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatiladi.


Binoning qurilish ishlari uchun 1 milliard 147 million 578 ming so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi. Shu bilan birga, 21 turdagi tibbiy jihozlari, jumladan, multispiral kompyuter tomografiyasi (MSKT), rentgen-diagnostika, UTT, Laporaskop apparatlari, Operatsion stol va lampalar va boshqa zarur uskunalar o‘rnatildi. Bundan tashqari, anesteziologiya va reanimatsiya bo‘limida masofadan turib tashxislash va zaruriy maslahatlar berish maqsadida telemeditsina tashkil qilindi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, markaz 50 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, oliy toifaga ega 20 nafar shifokor, 120 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari, 67 nafar kichik tibbiyot xodimlari faoliyat ko‘rsatishi belgilangan. Endilikda aholining o‘tkir va surunkali buyrak kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar uchun Ekstrakorporal detoksikatsiya (EKD) bo‘limi ish boshlagan. Bu esa bemorlarning uzog‘ini yaqinlashtirib, poytaxt va Olmaliq shaharlariga borishidan ozod qildi. Hozirda 45 nafar bemor bu yerda davolanyapti.


Shundan so‘ng mehmonlar shahar Bolalar stomatologiya poliklinikasini ham borib ko‘rdi. Mazkur bino ta’mirga muhtoj edi. Shuni hisobga olib mahalliy byudjet mablag‘lari evaziga tom qismi yangilandi, fasad qismi qoplandi va ichki qismi joriy ta’mirlandi. Kommunikatsiya tizimi yangisiga almashtirildi.
Muassasa yuridik maqomga ega bo‘lgandan so‘ng "Dental" rentgen apparati, 5 ta zamonaviy tishni davolash va sun’iy tish qo‘yish uskunalari keltirildi. Bundan tashqari, bemorlar sog‘lig‘ini xavfsiz davolash uchun mahalliy byudjet hisobidan bir qator zarur jihozlar ham xarid qilindi.
Tadbir ishtirokchilari binoda yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.


A.Musayev, O‘zA.