“Angren shakar” ham xayrli ishdan chetda qolmadi
Mana shunday kunlarda xalqimiz ham oʻzining saxiy va joʻmard xalq ekanligini yana bir bor isbotlab qoʻydi
Bu yilning boshlanishi xalqimiz uchun ogʻir keldi. Pandemiya, Buxorodagi dovul, bular kamlik qilgandek, Sardobadagi suv toshqini ham xalqimizni jiddiy sinovdan oʻtkazmoqda.
Mana shunday kunlarda xalqimiz ham oʻzining saxiy va joʻmard xalq ekanligini yana bir bor isbotlab qoʻydi. Bugun imkoni bor har bir inson talafot joyiga oshiqib, har kim topganini shu jabrdiyda xalq uchun ulashmoqda.
Yurtimizdagi korxona va tashkilotlar ham oʻzlarining himmatlarini ayashmayapti. Sinovli kunlarda doim el koriga tayyor va shay boʻlib turadigan “Angren shakar” MCHJ ham sardobaliklar uchun zarur boʻlgan kiyim-kechaklar bilan yordam qoʻlini choʻzdi.
“Angren shakar” MCHJ rahbariyati Sardobadagi jabrlanganlarning sharoitini oʻrganib, ayni damda ular uchun zarur boʻlgan buyumlar roʻyxatini tuzgan holda hozirlik koʻrishdi. Yaʼni 500 kishilik koʻrpa-toʻshak jamlanmasi, 300 kishiga kiyim-kechak (komplekt) jamlanmasi va yana alohida 400 juft bolalar oyoq kiyimini xayriya tariqasida joʻnatishdi.
Xalqimiz boshiga tushayotgan bu koʻngilsiz holatlar Yaratganning bizga bergan sinovidir. Uni mardonavor yengib oʻtish, oldimizda turgan muammolarni imkon qadar tezroq hal etish uchun barcha birdek harakat qilmoqda.
Eng muhimi, Prezidentimiz talafot roʻy bergan birinchi kunning oʻzidayoq voqea joyiga yetib kelib, barcha ishlarni oʻz nazoratiga olganligi jabrlanganlar uchun katta madad boʻldi.