Andrea Bochelli ovozi Samarqand osmonida jarangladi (+video)
Samarqand…
Mintaqaning yuragida, tarix va madaniyat beshigi sanalgan Registon maydonida kecha tarixiy voqea ro‘y berdi. Asrlar davomida madaniy merosni asrab kelgan bu muqaddas maskan, bugun dunyo sahnasidagi eng ulug‘ ovozlardan biriga mezbonlik qildi.
Dunyoga mashhur italiyalik tenor — Andrea Bochelli ilk bor Samarqand sahnasida jonli ijro qildi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda uyushtirgan ushbu konsert nafaqat yurtimiz ahli, balki xorijdan kelgan mehmonlar uchun ham unutilmas tantanaga aylandi.
90 milliondan ortiq audioyozuv sotgan, 6 karra Grammy va 6 karra Latin Grammy mukofotlari sohibi bo‘lgan Bochellining ovozi olamni hayratga solib kelmoqda. U Olimpiya o‘yinlari, jahon ko‘rgazmalari va eng nufuzli san’at anjumanlarida chiqish qilgan. Endi uning ovozi Samarqand osmonida jarangladi.
— Men juda baxtiyor, cheksiz xursandman va imkon qadar hamma narsani o‘rganishga qiziqyapman. Keyingi oy Nyu-Yorkdagi Metropolitan teatrida bo‘laman. Eng muhimi musiqalarim hali yaxshi tanilmagan joylarga olib borishdir. Shu ma’noda, Samarqand men uchun juda qadrlidir: bu yerda musiqaga bo‘lgan samimiy mehr va qiziqish meni yanada ilhomlantiradi, — dedi Bochelli.
Konsertda jahonning yetakchi opera xonandalaridan biri Aida Garifulina ham sahnaga chiqdi. O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri va mamlakatning mashhur xor jamoalari tomonidan esa jonli musiqa sahnaga chiroy bag‘ishladi.
Bu kecha nafaqat konsert, balki madaniy hamjihatlikning ramziga aylandi. Andrea Bochellining Samarqanddagi konsert dasturi — O‘zbekiston madaniy hayotidagi yangi sahifa, yurtimizda rivojlanayotgan madaniy turizm yo‘lidagi qadamdir.
— Samarqand YUNESKOning nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kirgan eng go‘zal va tarixiy shaharlardan biri, — dedi tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi. — Bu yerda ko‘plab xalqaro anjumanlar, konferensiyalar, jumladan Sharq taronalariga o‘xshagan dunyoga mashhur konsertlar o‘tkaziladi. Shahar o‘zining bejirimligi orqali xorijdan kelgan sayyohlarni ham rom etadi. Me’moriy ob’ektlar mamlakatning tarixi haqida so‘zlab turadi. Italiyalik yorqin yulduz Andrea Bochellining konserti ham boqiy shaharni ko‘proq o‘rganishga, ziyorat qilishga xizmat qiladi va O‘zbekiston — Italiya madaniy hamkorligining rivojlanishiga turtki bo‘ladi.
Registon maydonidagi bu tarixiy ohanglar, asrlar osha yuraklarimizda yashaydi…
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/tIAXL6G4aZg" title="Andrea Bochelli ovozi Samarqand osmonida jarangladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz Xudoyberdiyev, Asliddin Alijonov (video), O‘zA