Andijonning eng namunali mahalla yetakchisi
Andijonda “Yilning eng namunali mahalla yetakchisi” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatimizda yoshlarni, ayniqsa, mahalla yoshlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini bartaraf etish, hayotda munosib o‘rin egallashlariga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlandi.
Ayni kunda Andijon viloyatidagi 887 ta mahalla fuqarolar yig‘inida ish olib borayotgan Yoshlar yetakchilari mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, mahalla yoshlarining muammolarini aniqlash va ijobiy hal etish borasida samarali faoliyat olib bormoqda.
Andijon viloyati Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmalari hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan tanlovda uning tuman, shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 16 nafar mahalla yoshlari yetakchisi ishtirok etdi.
[gallery-9811]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Asaka tumanidagi Baxrin mahalla fuqarolar yig‘ini Yoshlar yetakchisi Farruxbek Tursunboyev birinchi o‘rinni egalladi. Endi u tanlovning mamlakat bosqichida viloyat sharafini himoya qiladi.
– Mahalladagi har bir yosh, ayniqsa, “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar bilan ularning qiziqishidan, qarashlaridan kelib chiqib ish olib borishga harakat qilaman, – deydi tanlov g‘olibi Farruxbek Tursunboyev. – Tengdoshlarimning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, muammolarini bartaraf etish, faolligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qarataman. Joriy yilning o‘tgan davrida mahallada yoshlar ishtirokida huquqbuzarlik, jinoyatchilik holatlari umuman qayd etilgani yo‘q, aksariyat yoshlar ish bilan ta’minlangan. Faoliyatim ijobiy baholanib, tanlov g‘olibi bo‘lganligimdan xursandman. Ushbu muvaffaqiyat menga kuch va shijoat beradi, qolaversa, zimmamga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Endi tanlovning respublika bosqichida ham munosib ishtirok etishga, g‘oliblar qatoridan joy olishga harakat qilaman.
Tanlovda ikkinchi o‘rin Shahrixon tumanidagi Mullaboy mahalla fuqarolar yig‘ini yetakchisi Odiljon Olimjonovga, uchinchi o‘rin esa Andijon shahridagi Navro‘z mahallasi yoshlar yetakchisi Islombek Muxtorovga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar tanlov tashkilotchilari tomonidan diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat) O‘zA