Andijonda yosh shaxmatchilar bellashmoqda
Andijon shahridagi universal sport majmuasida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Sport ishlari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi, Andijon viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkazilayotgan shaxmat bo‘yicha mamlakat chempionatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda respublikamizning barcha viloyatlari jamoalari tarkibida 850 nafar yosh shaxmatchi 6 ta – 7, 9, 11, 13, 15 va 17 yosh toifalarida ishtirok etmoqda.


– Chempionat o‘yinlari shveysar tizimida 7 tur doirasida o‘tkaziladi, – deydi Andijon viloyati shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Mavjudaxon Karimova. – Chempionlikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan jahon chempionatiga yo‘l oladi.


Chempionat mamlakatimizda o‘quvchi yoshlar o‘rtasida shaxmatni yanada rivojlantirish, targ‘ib etish, ommaviyligini oshirish, iqtidorli shaxmatchilarni aniqlash va rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Ayni kunlarda barcha yosh toifalari bo‘yicha dastlabki tur o‘yinlari o‘tkazilmoqda.


Chempionat o‘yinlari joriy yilning 20 yanvariga qadar davom etadi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari