Andijonda sudyalar bog‘i barpo etildi
Andijon viloyati sudlari tomonidan «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida Asaka tumanidagi olti gektardan ziyod maydonga manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida olib borilayotgan ishlar ona tabiatni asrash, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish hamda bog‘-rog‘larga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ta’kidlash joizki, viloyatda ko‘cha va mahallalar, tashkilot va muassasalar, xiyobonlar, bo‘sh turgan maydonlarga daraxt ko‘chatlari ekish bilan bog‘liq yumushlar uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Mazkur jarayonda barcha faol ishtirok etib, yashil maydonlarni kengaytirishga baholi qudrat hissa qo‘shmoqda.
[gallery-14719]
Andijon viloyati sudlari hamda viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi hamkorligida Asaka tumanidagi o‘rmon xo‘jaligi fondiga qarashli olti gektardan ziyod maydondagi daraxt ekish jarayonida viloyat umumyurisdiksiya hamda ma’muriy sudlarida faoliyat olib borayotgan sudyalar va xodimlar tomonidan 8 ming tupga yaqin manzarali daraxt ko‘chati ekildi. Yangi barpo etilgan boqqa “Sudyalar bog‘i” deb nom berildi.
Sudyalar bog‘ining barpo etilishi butun dunyoda iqlim o‘zgarishlari shiddat bilan kechayotgan bugungi kunda ona tabiatni asrab-avaylash, ekologik muhit barqarorligini ta’minlash, yashil hududlarni kengaytirish borasida yurtimizda olib borilayotgan xayrli ishlarga sud tizimi vakillarining hissasi bo‘lib qo‘shiladi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari