Andijonda mahalla raislari o‘qitilmoqda
Andijon davlat universitetida mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari uchun o‘quv seminari o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Mahalla va nuroniylarni qo‘lab-quvvatlash vazirligi, Andijon viloyati hokimligi hamkorligida mahalla fuqarolar raislari uchun mamlakatimizda mahalla institutini rivojlantirish, mahallabay ishlash tizimini shakllantirish, mahalla raislari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, mahalladagi muammolarni o‘rganish va hal etish masalalari yuzasidan tashkil etilgan o‘quv seminarining birinchi bosqich mashg‘ulotlariga viloyatdagi 221 ta mahalla raisi jalb etildi.

– O‘quv seminarida mahallabay ishlash tizimini joriy etish, umuman, mahalla raislarining asosiy faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish yuzasidan bilimlar beriladi, – deydi Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Muhammadjon Nishonov. – Ayniqsa, yangi saylangan raislarning aholi bilan ishlash borasidagi bilim, malaka va tajribalarini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, viloyat hokimligi, Adliya boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish boshqarmasi mas’ullari, Andijon davlat universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirokidagi mashg‘ulotlarda mahalla raislarining asosiy vazifalari, xuquq va majburiyatlari, davlat organlari bilan hamkorligiga doir tashkiliy va amaliy masalalar xususida keng tushuncha va ma’lumotlar beriladi.

O‘quv-seminar mashg‘ulotlariga viloyatdagi 887 ta mahalla fuqarolar yig‘ini raislari bosqichma-bosqich jalb etiladi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),O‘zA