Andijonda kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tmoqda
Andijon shahar olimpiya zahiralari kollejida kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempionatiga start berildi.
O‘zbekiston kurash federatsiyasi, Andijon viloyati hokimligi hamda qator tashkilotlar hamkorligida 2002-2003 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar va qizlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida Qoraqolpog‘iston Respublikasi hamda respublikamizning barcha viloyatlari jamoalari tarkibida 800 nafardan ziyod kurashchi ishtirok etmoqda.
[gallery-4699]
Chempionat ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda sportni, xususan, kurashni rivojlantirish, ommaviyligini, xalqaro nufuzini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidlab, barcha ishtirokchilarga omad tiladi.
- Chempionat o‘yinlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan, - deydi Andijon viloyati kurash federatsiyasi ijrochi direktori Dilshodbek Rahimov. – Ishtirokchilar bir necha vazn toifasida g‘oliblik uchun bahs olib boradi.
Musobaqaning ochilish marosimida ko‘rgazmali chiqishlar, badiiy dastur namoyish etildi.
Chempionat o‘yinlari 19 noyabrga qadar davom etadi.
F.Ubaydullayev, Z.Umirzoqov (surat), O‘zA