Andijonda ikki alloma xotirlandi
Andijon shahridagi Bobur maydonida ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi hamda buyuk davlat arbobi, mohir sarkarda, olim va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi tashabbusi bilan viloyat hokimligi, madaniyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan teatrlashtirilgan tadbirda ichki ishlar tizimi xodimlari, adabiyotshunoslar, shoir va yozuvchilar, ijodkor yoshlar, Ichki ishlar vazirligi Andijon akademik litseyi o‘quvchilari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Xalqimizning Navoiy va Boburdek ikki buyuk siymosi xotirasi yodga olindi.
Tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari, polkovnik Abduvohid Imyaminov va boshqalar o‘zbek xalqining boy madaniy merosi, ayniqsa, buyuk bobokalonlarimiz yaratgan nodir, bebeho ilmiy, badiiy asarlar jahon tarraqiyoti, ilm-fani rivojida, shuningdek, insoniyat tafakkuri va ma’naviyatini yuksaltirish, xususan, yosh avlod tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
[gallery-5742]
Z.M.Bobur nomidagi viloyat musiqali drama hamda Andijon viloyati Yoshlar teatrlari ijodiy jamoalari tomonidan Bobur hayotiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi, ijodiy jamoalar, san’atkorlar ijrosidagi ona yurt madhi, mardlik va vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar, o‘quvchilar, ijodkor yoshlar tomonidan Navoiy va Bobur g‘azallaridan o‘qilgan namunalar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Viloyat IIB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi xodimlari hamda bolalar va o‘smirlar sport maktablari o‘quvchilari tomonidan namoyish etilgan ko‘rgazmali chiqishlar, shuningdek, ichki ishlar organlaridagi maxsus himoya vositalari, jangovar va xizmat avtomashinalari, qurol-yarog‘ va boshqa uskunalar namoyishi tadbir ishtirokchilari, xususan, yoshlar qalbida vatanparvarlik, yurtga sadoqat, ichki ishlar tizimi xodimlariga bo‘lgan ishonch va hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA