Andijonda faxriy jurnalistlarga ehtirom ko‘rsatildi
Z.M.Bobur nomidagi Andijon viloyati axborot-kutubxona markazida “Sizga ta’zim, sizga ehtirom” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati hokimligi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida jurnalistlar, ijodkorlar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da o‘zining oltmish, yetmish va sakson yoshini nishonlagan jurnalistlarning professional va yoshlar tarbiyasi borasidagi ibratli faoliyati haqida so‘z yuritildi.
Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Maxpura Ortiqova, viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Zohidjon Tojiboyev, faxriy jurnalist, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Nazirjon Saidov va boshqalar barcha ommaviy axborot vositalari xodimlarini, ijod ahlini yangi yil bayrami bilan muborakbod etdi.
Jurnalist kasbi o‘ta mas’uliyatli va sharafli kasb. Ushbu kasb sohibi bilimli, davr bilan hamqadam yuradigan, odamlarning dardi, tashvishi, quvonch va muammolarini, jamiyatdagi jarayonlarni keng jamoatchilikka yetkazib bera oladigan salohiyatga ega bo‘lishi kerak. Tadbirda ana shu salohiyatga ega, joriy yilda o‘zining muborak yoshini nishonlagan 11 nafar O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi bo‘lgan jurnalistlarning ibratli faoliyati e’tirof etilib, ularga viloyat hokimligining faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
[gallery-10143]
– Ijodkor ko‘ngil kishisi bo‘ladi, – deydi uzoq yillar “Qorasuv tongi” gazetasini boshqargan faxriy jurnalist Sirojiddin Hasanov. – bugungi e’tibor, mehnatlarimiz e’tirofi ko‘nglimizni tog‘day ko‘tardi. Buning uchun viloyat hokimligiga, Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limiga minnatdorlik bildiramiz. Kundan-kunga yuksalib borayotgan, inson qadri ulug‘lanayotgan yurtimizga aslo ko‘z tegmasin.
Shuningdek, tadbirda bugungi kunda ommaviy axborot vositalari oldida turgan dolzarb muammolar, xususan, bosma nashrlar obunasi, ularni muntazam chop etilishi bilan bog‘liq masalalar xususida ham taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA