Andijon viloyatida hududiy strategiya loyihasi muhokama qilindi
Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida hududni 2030-yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Sessiyada Kengash deputatlari, tarmoq idoralari rahbarlari, tadbirkorlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktorining o‘rinbosari Tohirjon Safarov ishtirok etib, Strategiya loyihasining mazmun-mohiyati, unda belgilangan ustuvor maqsadlar va ularga erishish mexanizmlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.
Ta’kidlanganidek, “Andijon – 2030” strategiyasi “O‘zbekiston – 2030” umummilliy taraqqiyot strategiyasining uzviy davomi bo‘lib, Prezidentning 2026-yil 16-fevraldagi PF-21-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi. Hujjat viloyat hokimligi va soha idoralari bilan hamkorlikda tayyorlanib, unda viloyat rivojlanishining 70 dan ortiq aniq maqsadi belgilab berilgan.

Xujjatning ustuvor vazifalaridan biri barqaror ish o‘rinlari yaratish va yoshlar bandligini ta’minlash. Ishsizlik darajasi 4 foizdan oshmaydigan me’yorda saqlanadi, viloyat iqtisodiyoti 1,8 baravar, ya’ni 15,8 milliard dollarga o‘stirilib, aholi jon boshiga daromad 4,1 ming dollarga yetkaziladi. Yoshlarga alohida e’tibor qaratilib, IT sohasida 24,2 ming nafar yosh ish bilan ta’minlanadi, “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida 350 ming nafar yosh zamonaviy kasblarga o‘qitiladi.
2030-yilga qadar viloyatda mutlaq kambag‘allikka to‘liq barham berish, ko‘rsatkichni 0 % ga tushirish vazifasi qo‘yilgan. Aholiga yordam umumiy emas, manzilli tarzda tashkil etiladi, har bir ehtiyojmand oila bilan alohida ishlanadi. Xotin-qizlarni ish va daromadga jalb etishga alohida urg‘u berilib, ehtiyojmandlikdan chiqariladigan ayollar soni 2,6 baravar kamaytiriladi.

Har yili 12,5 ming xonadonli uy-joy barpo etilib, aholi jon boshiga uy-joy maydoni 19,9 kvadrat metrgacha oshiriladi. Yiliga 3 500 kilometr avtomobil yo‘llari ta’mirlanadi, transport tirbandligini kamaytirish va “aqlli shahar” boshqaruv tizimlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Maktabgacha ta’lim qamrovi 87,8 foizga, oliy ta’lim qamrovi 65 foizgacha oshiriladi. Sog‘liqni saqlash sohasida o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75 yoshdan 78 yoshgacha uzaytirilib, barcha tibbiyot muassasalari to‘liq raqamlashtiriladi, sohaga yo‘naltiriladigan mablag‘lar ko‘paytiriladi.

Sessiyada ta’kidlanganidek, “Andijon – 2030” strategiyasi “maqsad — harakat — natija” zanjiri asosida qurilgan, har bir ko‘rsatkich bo‘yicha mas’ul ijrochi, muddat va moliyalashtirish manbai aniq belgilangan. Har bir tuman uchun uning muammolari va rivojlanish imkoniyatlarini qamrab oluvchi alohida “hududiy pasport” ishlab chiqiladi.
Strategiya ijrosi Strategik rejalashtirish va rivojlanishning raqamli platformasi orqali kuzatib boriladi. Bu esa har bir fuqaroga islohotlar qanday borayotganini real vaqtda, ochiq kuzatish imkonini beradi. 2028-yilda oraliq, 2031-yilning birinchi choragida yakuniy baholash o‘tkaziladi, har yili esa mustaqil tadqiqotlar natijalari jamoatchilikka e’lon qilib boriladi.

Muhokama yakunida hujjat loyihasi ma’qullanib, uni belgilangan tartibda amalga oshirish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi. “Andijon – 2030” strategiyasi uch milliondan ziyod viloyat aholining farovon kelajagiga qaratilgan aniq dastur bo‘ladi.
Hududiy rivojlanish strategiyalari muhokamasi mamlakatimizning barcha viloyatlarida izchil davom ettirilmoqda.
Strategiyaning oldingi dasturlardan asosiy farqi, har bir maqsad bo‘yicha mas’ul idora, amalga oshirish muddati, aniq maqsadli ko‘rsatkichlar va moliyalashtirish manbalari belgilab qo‘yilganidir. Strategiyaning bosh maqsadi esa aholi farovonligini oshirishga, ya’ni har bir oila turmush darajasida seziladigan aniq o‘zgarishlarga qaratilgan.
Hamroz Bayonov, O‘zA