Andijon viloyati delegatsiyasining Orolbo‘yiga tashrifi
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov rahbarligidagi delegatsiya Qoraqalpog‘iston Respublikasiga keldi.
Nukus xalqaro aeroportida mehmonlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.Sariyev kutib oldi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan Orolbo‘yi aholisi turmush farovonligini yuksaltirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil etish orqali ish o‘rinlari yaratish, aholini qiynayotgan turli muammolarni bartaraf etish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegeyli tumani Andijon viloyatiga biriktirilgan edi. Andijonlik tadbirkorlar tomonidan 2022-2023 yillar davomida umumiy qiymati 604 milliard so‘m bo‘lgan 23 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar hisobiga 1 ming 700 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Delegetsiya a’zolari dastlab “Makro Farm Andijon” mas’uliyati cheklangan jamiyatining farmatsevtika loyihasi qurilishiga tamal toshini qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Shundan so‘ng tumandagi “Zahiriddin Muhammad Bobur” nomli axborot kutubxona markazining ochilish marosimi bo‘ldi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov, Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni yangi kutubxona markazining ochilishi bilan qutladi.

Tashrif davomida “Xalqobod” mahalla fuqarolar yig‘inidagi obodonlashtirish ishlari bilan tanishish, 2022-2023 yillar davomida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti, tuman markaziy o‘yingohida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Andijon viloyati san’at ustalari ishtirokidagi konsert dasturi va boshqa tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA