«Andijon» Superligada birinchi marta mag‘lub bo‘ldi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi bir oy tanaffusdan so‘ng davom ettiriladigan bo‘ldi. Superliganing 6-turidagi ilk uchrashuv «Andijon» va «So‘g‘diyona» o‘rtasida o‘tdi.
Bu yilgi Superliga o‘yinlari o‘zining kutilmagan natijalari bilan muxlislarimiz e’tiborini yanada kuchaytirdi. Ana shunday natijalar qayd etayotgan «Andijon» klubi 6-tur uchrashuvida kutilmaganda «So‘g‘diyona»ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Bugun, 5-may kuni «Navbahor» – «Lokomotiv», «Bunyodkor» – «Surxon» klublari o‘zaro raqobatlashadi. Shuningdek, 6-may kuni «Qizilqum» – «Neftchi» jamoalari uchrashuviga guvoh bo‘lsak, 7-mayda «Paxtakor» – «Metallurg» va «OKMK» – «Nasaf» o‘yini o‘tkaziladi. Mazkur turdan o‘rin olgan «Dinamo» – «Olimpik» o‘yini boshqa kunga qoldirildi. Buning sababi esa «Olimpik» klubi asosini tashkil etadigan futbolchilar Osiyo kubogida ishtirok etgani bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Superliganing 5-turidan so‘ng «Andijon» 11 ochko to‘plagan holda jadval peshqadamiga aylangan edi. Uning ortidan «Neftchi» bitta o‘yin kam o‘tkazgan holda 9 ochko bilan bormoqda. «So‘g‘diyona», «Lokomotiv», «Nasaf» va «OKMK» jamoalari 8 ochko jamg‘argan holda keyingi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, «Qizilqum» klubi 7 ochko bilan 7-pog‘onadan o‘rin egallagan. «Navbahor» 6, «Paxtakor», «Olimpik» 4 ochko, 8-9-10 o‘rinda qayd etilgan. Shuningdek, «Surxon» bu turdagi g‘alabasidan so‘ng 4 ochko bilan 11-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Uning ortidan xuddi shunday ochko bilan «Dinamo» bormoqda. «Metallurg» hamda «Bunyodkor» 2 ochko jamg‘argan holda quyi pog‘onada qolmoqda.
Ma’lumot uchun, bu jadvalda «Nasaf», «Navbahor», «Neftchi» , «Paxtakor», «Metallurg» va «Olimpik» klublarida bittadan o‘yin kam. Ushbu jamoalar 4-turda qo‘lga kiritgan ochkolari bilan jadvaldan o‘rin olgan. Bu degani, hali chempionlik uchun karash qizg‘in davom etadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA