Andijon davlat univrsiteti 90 yoshda
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti tashkil etilganligining 90 yilligi munosabati bilan “Ilm-fan va ta’lim - mamlakat taraqqiyotining muhim omili” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizdagi qator oliy o‘quv yurtlaridan kelgan professor-o‘qituvchilar, universitet bilan hamkorlik olib bolrayotgan xorijiy oliy ta’lim muassasalari vakillari, universitet faxriylari, talaba yoshlar ishtirok etgan anjuman ochilishida so‘z olgan universitet rektori, professor Akramjon Yuldashev Andijon davlat universitetining 90 yillik shonli tarixi, bugungi kundagi faoliyati va istiqboldagi rejalari haqida gapirdi.

Shundan so‘ng universitetda samarali faoliyat olib borib, o‘zlarining ilmiy maktablarini yaratgan ustoz-olimlar - fizika fanlari doktori, akademik S.Zaynobiddinov, biologiya fanlari doktori, professor A. Asqarov, tarix fanlari doktori, professor, R.Shamsutdinov, filologiya fanlari doktori, professor M.Umarxo‘jayevning ma’ruzalari tinglandi.

Ma’ruzalarda bugungi kunda mamlakatimizda oliy ta’limga berilayotgan e’tibor, yoshlarning o‘qib, puxta bilim olishi, malakali mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotgani ta’kidlanib, o‘z yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar, universitetning ilmiy salohiyati haqida keng ma’lumotlar berildi.
Kunning ikkinchi yarmida anjuman ishi sho‘’balar doirasida davom etdi.
Aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishi sho‘’basida mazkur yo‘nalishda universitetda olib borilgan ilmiy ishlar, ilmiy-amaliy tadqiqotlar, yutuq, muammo va kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi.

"Kecha, bugun va ertaga" shiori ostida o‘tgan Ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishidagi sho‘’ba mashg‘ulotlarida universitetning O‘zbekiston tarixi kafedrasi o‘qituvchilarining ma’ruzalari tinglandi. Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar muhokama qilinib, taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Anjuman doirasida universitet tarixi, erishilgan yutuqlar, universitetning bugungi ilmiy salohiyati aks etgan ko‘rgazma barchada katta taassurot qoldirdi.
F. UBAYDULLAEV,
Z.UMRZOQOV (surat),
O‘zA