An’anaviy Rishton kulolchiligi – tadqiqotlar manbai
Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi “Xalqaro kulolchilik markazi”da an’anaviy “Turkiy xalqlar hunarmandchiligi” mavzusidagi xalqaro forum o‘z ishini boshladi. Unda yurtimizning barcha hududlaridan, Markaziy Osiyo davlatlari, Turkiya va Ozarbayjon, shuningdek, Fransiya, Isroil, Chexiya, Rossiya va boshqa davlatlardan kelgan usta kulollar, madaniyat arboblari, san’atshunos olimlar va tadqiqotchilar ishtirok etmoqda.
Viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov, Respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulug‘bek Abdullayev mamlakatimizda qadimiy va boy an’analarga ega hunarmandchilik sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor natijasida ko‘p asrlik tarixga va an’analarga ega Rishton kulolchiligi zamon talablari asosida jadal rivojlanib borayotganini ta’kidladi. So‘nggi yillarda Rishton kulolchiligi sanoat darajasiga chiqib, xorijga eksport ko‘lami hamda geografiyasi kengayib borayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan nashr etilgan “An’anaviy Rishton kulolchiligi” kitob-albomining taqdimoti ham o‘tkazildi.
[gallery-11867]
Shundan so‘ng forumning asosiy tadbirlaridan hisoblangan “Rishton kulolchiligi: kecha, bugun va ertaga” nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi. Samimiy va do‘stona ruhda boshlangan konferensiya turli bahs-munozaralarga boy o‘tdi, ma’ruzalarda ko‘tarilgan mavzular barcha ishtirokchilarning qizg‘in olqishiga sazovor bo‘ldi. Jumladan, Samarqand arxeologiya instituti tadqiqotchisi, arxeolog Gennadiy Ivanovning “Rishton tarixi bo‘yicha arxeologik ma’lumotlar”, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ijodiy ko‘rgazmalar direksiyasi direktori o‘rinbosari, san’atshunos olima Lyudmila Kodzayevaning “Rishton kulolchilik maktabi. An’analar va bozor talablari”, Varshavadagi (Polsha) Osiyo va Tinch okeani muzeyi xodimi Karolina Krjivitskaning mazkur muzeydagi rishtonlik ustalar asarlari haqidagi, Rishton kulolchilik maktabi ustasi Alisher Nazirovning “An’anaviy Rishton sopol buyumlari: muammolar va ularning yechimi” nomli va boshqa ma’ruzalar o‘z dolzarbligi, ahamiyati jihatdan ajralib turdi.
Rossiyalik qator tadqiqotchilar, Namangan, Buxoro, Toshkentdan kelgan san’atshunos olimlarning chiqishlari ham qizg‘in kutib olindi, ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.
– bugungi konferensiya Rishton kulolchiligi tarixi, uning asrlar davomida rivojlanish bosqichlari, taraqqiyot jarayonidagi yutuq va muammolar xususidagi qimmatli ma’lumotlarga boy bo‘ldi, – deydi Buxoro davlat universiteti dotsenti, san’atshunoslik fanlari nomzodi Qoryog‘di Jumayev. – Asosiy e’tibor milliy kulolchilik an’analarini saqlab qolish, unga qo‘yilayotgan zamonaviy talablar, tarixiy va bugungi yo‘nalishlarning uyg‘unlashuviga qaratildi, deyish mumkin. Xorazm, Shahrisabz, Samarqand, G‘ijduvon, Rishton kulolchilik markazlari an’analari, bu yerlarda yasalgan sopol buyumlarning o‘ziga xosliklari, azaliy naqshlari, ranglar va texnologiyalari hali ilmiy jihatdan to‘liq o‘rganilmagan. Kelgusida ko‘plab mavzular bo‘yicha tadqiqotlar olib borilishiga umid qilamiz.
Anjuman qatnashchilari keyingi paytda Rishton sopol buyumlarida individual ijodkorlik va mualliflik ruhining pasayib borayotgani, dekorativ va sayyohlik ashyolariga ko‘proq urg‘u berilayotgani, arzon biznes manbaiga aylanib qolayotganiga ham e’tibor qaratdilar.
Ma’lumot uchun, forum doirasida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani, yosh kulollar o‘rtasida mahorat darslari, Qo‘qon shahridagi Hunarmandchilik markazi va Xudoyorxon o‘rdasiga tashrif, viloyatimizning diqqatga sazovor joylariga sayohat ham uyushtiriladi.
M.Sulaymonov, O‘zA
M.Qodirov olgan suratlar.