Amir Temurning Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroyini izlab (+video)
9 aprel – Sohibqiron Amir Temur tug‘ilgan kun
Bugungi kunda Samarqand shahrining markazi hisoblangan va Ko‘ksaroy maydoni deb nomlanadigan hududda XIV asrda Sohibqiron Amir Temur tomonidan ark qurilgani, bu yerda Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroy, bir qator inshootlar bo‘lgani tarixiy manbalarda qayd etilgan. Lekin hozirda bu inshootlarning nomi bo‘lsa-da, ulardan hech qanday nishon, iz qolmagan –vayron etilgan, ko‘mib yuborilgan va, hatto, ustidan binolar qurilgan.
– Biz turgan joy Samarqand shahrining tabarruk maskanlaridan biri hisoblanadi, – deydi Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimi, tajribali arxeolog olim Amriddin Berdimurodov. – Bu yerda XIV asrda Sohibqiron Amir Temur tomonidan arki a’lo bunyod etilgan. Tarixiy manbalarda ark 36 gektar hududni egallagani, atrofi mustahkam mudofaa devori bilan o‘ralgani va uning ortida suv oqib turadigan chuqur xandaq bo‘lgani, inshootga bir tomondan kirib chiqilgani bayon qilingan. Tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, ark ichida to‘rt qavatli Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroy bo‘lgan. Bu saroylarda Sohibqironning xazinasi, kutubxonasi, hashamatli zallar joylashgan.Shuningdek, arkdagi hunarmandchilik ustaxonalarida kecha-yu kunduz qurollar yasalgan. Buyuk jahongir ushbu arki a’loda o‘tirib, davlatni boshqargan.
Bundan tashqari, arkda Shayx Nuriddin Basir sharafiga maqbara bunyod etilgan. Yana Pazdaviy degan avliyoning va boshqa ulug‘ zotlarning maqbaralari ham joylashgan. Bu saroy va inshootlar XIX asrgacha ham yaxshi saqlangan. Shuning uchun chor Rossiyasi tomonidan Samarqand bosib olingach, rus qo‘shinlari arkda joylashgan va bu yer harbiy garnizonga aylantirilgan. Lekin keyinchalik arkdagi saroy va boshqa obidalar buzib tashlangan Chunki, mahalliy aholi turli bayramlar, ma’lum bir kunlarda arkdagi maqbara va qadamjolarni ziyorat qilib turgan. Aholining bu yerga tez-tez kelishidan cho‘chigan chor Rossiyasi qo‘shinlari asta-sekin arkdagi inshootlar, obidalarni vayron qilgan. Jumladan, Shayx Nuriddin Basir maqbarasidan ham dastlab ombor sifatida foydalanib, keyinchalik uni portlatib yuborishgani haqida ma’lumotlar bor. O‘sha paytda Samarqand qozikaloni bo‘lgan Amir Tohirxo‘ja Shayx Nuriddin Basir qabrini Shohi Zinda qabristoniga ko‘chirgan.
– Shu yil fevral oyida viloyat hokimi tarixchi olimlar, ziyolilar bilan uchrashganda Samarqand tarixini chuqur o‘rganish va tadqiq etish haqida gapirib, jumladan, Amir Temur arki qoldiqlarini topish va bu maskanni ochiq osmon ostidagi muzey sifatida xalqimizga, dunyo ahliga ko‘rsatish zarurligini ta’kidlagandi, – deya so‘zida davom etadi Amriddin Berdimurodov. – Tabiiyki, bu tashabbus biz arxeologlarga juda ma’qul keldi va o‘z takliflarimizni bildirdik. To‘g‘ri, bu ish oson emas, qadimiy ark hududida shu paytgacha ko‘plab qurilish ishlari amalga oshirilgan, madaniy qatlamlar buzilib, o‘zgarib ketgan. Ark hududidagi birorta bino-inshootning tepa qismi qolmagan, faqatgina Buxoro amirlari davrida qurilgan hammomlarning qoldiqlari saqlanib qolgan. Lekin tuproq ostida Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroyning, bu yerdagi maqbaralarning devor yoki poydevorlari saqlanib qolgan bo‘lishi mumkin. Hozir ilmiy xodimlarimiz bu yerda arxeologik qazishma ishlarini boshladi va Amir Temur arki izlarini topishimizga ishonamiz.
Ta’kidlash lozimki, viloyat hokimi va tarixchi olimlar uchrashuvidan so‘ng Samarqandning tarixi, madaniyati, me’moriy va arxeologik yodgorliklarini o‘rganish maqsadida viloyat hokimligi huzurida ilmiy jamoatchilik kengashi tuzilib, amalga oshiriladigan ishlarning yo‘l xaritasi ishlab chiqildi, bir nechta ilmiy-ijodiy guruhlar tuzildi. Amir Temur arki o‘rnini aniqlash maqsadida Ko‘ksaroy maydonida qazishma ishlarini olib borish Samarqand arxeologiya instituti olimlari zimmasiga tushdi.
– Amir Temur arki hududi hozirga qadar tizimli ravishda arxeologik nuqtai nazardan tadqiq etilmagan, – deydi Samarqand arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidov. – To‘g‘ri, 1981-1982 yillarda, 90 yillar boshida arxeologik nazorat ishlari olib borilgan va bu ko‘proq ushbu hududda amalga oshirilgan qurilish ishlari davomida chuqurliklar qazilganda arxeologik nazorat tartibida bajarilgan, xolos. Biz bu yerda tadqiqot ishlariga kirishishdan oldin shu paytgacha hududda olib borilgan arxeologik nazorat ishlari xulosalari, arxiv hujjatlari, yozma manbalar hamda kartografik ma’lumotlarni tahlil qildik. Hisobotlarda shunday fikrlarni ham o‘qidikki, ularda bayon etilishicha, arxeologlar kelib nazorat ishlarini olib borgunga qadar ham juda katta qazish ishlari amalga oshirilgan, ammo hudud va bu yerdagi topilmalar mukammal o‘rganilmagan, bunga umuman e’tibor qaratilmagan.
[gallery-22713]
O‘zbekiston Respublikasi milliy arxiv fondida saqlanayotgan, harbiy topograflar tomonidan tuzilgan 1870 yilga mansub xarita va fotosuratlarda Amir Temur arki hududidagi Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroy, Shayx Nuriddin Basir maqbarasi o‘rni aniq ko‘rsatilgan. Ushbu xaritani mutaxassislarni jalb qilgan holda hozirgi xarita bilan qiyosladik, qolaversa, geoskaner orqali hududni o‘rgandik va dastlab Shayx Nuriddin Basir maqbarasi o‘rnini aniqlashga qaror qildik. Bir haftadan buyon bu yerda qazishma ishlarini olib boryapmiz. Hozircha 1,5 metrdan ortiq qatlamni kavlash jarayonida asosan chiqindi aralash tuproq olindi. Bu keyingi yuz yilda ushbu hudud relefi o‘zgarib ketgani, qayta-qayta qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borilgani, tekislab yuborilganini ko‘rsatadi. 1,5-2 metr chuqurlikdagi qazishmadan so‘ng XVII-XVIII asrlarga oid qatlam boshlanib, sopol buyumlari, parchalari chiqyapti, 3-4 ta tanga ham topildi. Shu tarzda maqbara o‘rnini aniqlab olganimizdan so‘ng keyingi yo‘nalishda Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroy bo‘yicha qazishma ishlarini olib boramiz. Bu borada ham dastlabki ma’lumotlarga egamiz va bu ish tizimli ravishda amalga oshiriladi.
Mo‘minxon Saidovning qayd etishicha, arxeologik ilmiy hisobotlarda hozirga qadar bu yerda 3 ta hammom bo‘lgani, ulardan ikkitasi XIV-XV asrlarda, bittasi XVII-XIX asrlarda qurilgani bayon qilingan. Temuriylar bunyod etgan hammomlar XVI asrdan boshlab vayronaga aylangach, Buxoro amirlari tomonidan hududda yangi hammomlar qurilgan. Bu ark hududida bir nechta maqbara va muqaddas qadamjolar bo‘lgani, odamlar dastlab hammomlarda poklanib, so‘ngra ushbu maskanlarni ziyorat qilish uchun kirganidan dalolat beradi. Shunday taomilni Shohizinda yodgorligi misolida ham ko‘rishimiz mumkin, ya’ni ushbu ziyoratgoh darvozasi oldida hammom bo‘lgan va bu hammom qoldiqlari hozirga qadar saqlanib qolgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/3ea0ajtmjfk" title="9 aprel – Sohibqiron Amir Temur tug‘ilgan kun" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Aytish mumkinki, bugun samarqandlik arxeologlar Amir Temur arki hududidagi qadimiy saroy va maqbaralar, inshootlar o‘rnini aniqlab, bu maskanni ochiq osmon ostidagi muzey, ma’rifat maskaniga aylantirish borasidagi ilmiy izlanishlarga astoydil kirishganlar.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat, video),
O‘zA muxbirlari