Amir Temur va temuriylar davri madaniyati
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Sohibqiron bobomiz, buyuk sarkarda Amir Temur tavallud kuniga bag‘ishlangan «Amir Temur va temuriylar davri madaniyati» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda tarixchilar, yozuvchilar, shoirlar, jurnalistlar, san’atkorlar, Milliy gvardiya xizmatchilari, professor-o‘qituvchilar va talabalar hamda Shayxontohur tumanidagi 324-maktab o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tadbirdan maqsad, tarixda o‘chmas iz qoldirgan buyuk shaxs, ulkan bunyodkor, yirik davlat arbobi, mohir sarkarda, ilm-fan va madaniyat homiysi bo‘lgan Amir Temur hayotini o‘rganish negizida yoshlarda O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish ishtiyoqini uyg‘otish, bobokalonimizning hayotiy tajribasidan o‘z faoliyati uchun zarur saboq va ma’naviy quvvat olishlariga rag‘bat berishdir.

Tadbirda Amir Temurning mamlakat va jahon tarixida tutgan o‘rni, uning hayoti va davlat boshqaruvi faoliyati haqida batafsil so‘z yuritildi.
Sohibqironning har qanday mushkul vaziyatdan chiqib keta olish zakovati, mardligi, jasorati, vatanparvarligi, topqirligi, temir irodasi yosh avlod uchun ibrat, hayot maktabi va Vatanga sadoqat namunasiga aylangani alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, Amir Temur hayotini yoritishga bag‘ishlagan yozuvchi va shoirlar, ularning asarlari haqida hikoya qilindi.

O‘quvchilar tomonidan sahnalashtirilgan buyuk sarkarda Amir Temur hayotidan lavhalar namoyish etildi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbir doirasida tarixda o‘chmas iz qoldirgan buyuk shaxs, ulkan bunyodkor, yirik davlat arbobi, mohir sarkarda, ilm-fan va madaniyat homiysi bo‘lgan Sohibqiron Amir Temurning hayot yo‘li, davlat boshqaruvi va harbiy mahoratiga aloqador adabiyotlardan tashkil topgan ko‘rgazma taqdim etildi.
N.Usmonova, O‘zA