Amir Temur merosi va zamonaviy diplomatiya - muloqot markazida
Birodar shaharlar alyansi tashabbusi bilan O‘zbekiston Milliy universitetida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan “Amir Temur merosi va zamonaviy shaharlar diplomatiyasi” mavzusida ilmiy-amaliy davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-fevraldagi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi. Unga ko‘ra, har yili aprel oyi yurtimizda “Amir Temur oyligi” sifatida nishonlanib, buyuk ajdodimizning davlatchilik, harbiy san’at, ilm-fan va madaniyat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini keng targ‘ib etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Muhokamalar davomida Amir Temurning markazlashgan davlat barpo etishdagi siyosiy qarashlari, tashqi siyosatdagi strategik yondashuvlari, Temuriylar davrida diplomatik aloqalar tizimining shakllanishi, shuningdek, zamonaviy xalq diplomatiyasida tarixiy merosdan foydalanish imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Shuningdek, shaharlar diplomatiyasi va birodar shaharlar hamkorligining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Mutaxassislar tomonidan Amir Temur davrida yo‘lga qo‘yilgan keng qamrovli xalqaro aloqalar, jumladan, Yevropa va Osiyo davlatlari bilan olib borilgan elchilik munosabatlari bugungi globallashuv sharoitida o‘zaro ishonch va samarali muloqotni mustahkamlashda muhim tarixiy tajriba ekani ta’kidlandi.

Tadbirda, shuningdek, Buyuk Ipak yo‘li orqali amalga oshirilgan savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalarning bugungi mintaqalararo hamkorlik va shaharlar diplomatiyasidagi o‘rniga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Bu esa zamonaviy hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishda tarixiy merosdan samarali foydalanish muhimligini ko‘rsatadi.
Davra suhbati doirasida Amir Temur merosini o‘rganishga qaratilgan ilmiy loyihalarni kengaytirish, xalqaro konferensiyalar va talabalar almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, birodar shaharlar bilan madaniy-ma’rifiy hamkorlikni mustahkamlash, yoshlar o‘rtasida tarixiy ong va fuqarolik mas’uliyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslar ilgari surildi.

Tadbir davomida Amir Temur va Temuriylar davriga oid ilmiy adabiyotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, Toshkent shahridagi 169-maktab o‘quvchilari tomonidan chizilgan Amir Temur siymosi aks etgan rasmlar namoyish etilib, g‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA