Amerikalik bibliograf olim Samarqandda tajriba almashmoqda
AQSHning Yuta universiteti bibliograf mutaxassisi Anna Hedrinch “Fulbright” dasturi doirasida Samarqand davlat universitetiga kelgan.
U uch oydan buyon zamonaviy kutubxonachilik ishi bo‘yicha o‘z tajribalarini universitet axborot-resurs markazi faoliyatiga tatbiq etmoqda. Bundan tashqari, olim magistrant va doktorantlarga xalqaro jurnallarda maqolalar chop etish va zamonaviy bibliografiya yutuqlaridan unumli foydalanish bo‘yicha mahorat darslari o‘tmoqda.
Samarqand davlat universiteti xalqaro ta’lim dasturlari fakultetida amerikalik mutaxassis ishtirokida professor-o‘qituvchilar uchun seminar tashkil etildi. Tadbirda Anna Hedrinch xalqaro jurnallarda maqola chop etish, ilmiy maqolalarni muallif orqali topish, saralash va matnini olish bo‘yicha tavfsiyalar berdi.
– Anna Hedrinch bilan har safar ma’lumot almashganimizda ko‘plab yangiliklar olaman, – deydi Samarqand davlat universiteti tabiiy va aniq fanlar kafedrasi mudiri, professor Akmal Ahatov.
– Xalqaro jurnallarda ilmiy maqola chop etish tadqiqotchilarimiz uchun zarur. AQSHlik mutaxassisning universitetimizga kelishi va bizga mahorat darslari o‘tishi g‘oyatda foydali. Masalaning yana bir e’tiborga sazovor tomoni shundaki, bugungi kunda Samarqand davlat universitetiga kelishni istaydigan xorijlik olimlar safi kengayimoqda.
Behruz Shamsiddinov