Amaliy maxsus-taktik o‘quv-mashqi o‘tkazildi
“Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasida tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar hamda yong‘inlar sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakat qilish, yuqori qavatlarda qolib ketgan ishchi-xodimlarni evakuatsiya qilish bo‘yicha hamkorlikdagi amaliy maxsus-taktik o‘quv-mashqi bo‘lib o‘tdi.
O‘quv-mashqi davomida korxonada sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar bo‘yicha qutqaruv harakatlari mashq qilindi. Unga ko‘ra yer qimirlashi sodir bo‘lgan taqdirda qutqaruv kuchlarining harakati, yong‘indan sodir bo‘lgan yirik avariyalarni bartaraf etish, aholini evokuatsiya qilish va joylashtirish, vayronalar ostidan jabrlanganlarni qidirish, qutqarish, kuchli ta’sir etuvchi zararli moddalarning sizib chiqishi oqibatida jabrlanuvchilarga tibbiy yordam ko‘rsatish, zararsizlantirish kabi tadbirlar o‘tkazildi.

Mashqlar davomida tezkor xizmatlarga xabar berish va ogohlantirish, yong‘inni bartaraf etish uchun jalb qilinadigan kuch-vositalarni to‘g‘ri yo‘naltirish, jabrlanganlarni xavfsiz hududlarga olib chiqish, ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish harakatlari amaliy tarzda ko‘rsatildi.
Amaliy maxsus-taktik o‘quv mashqiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Milliy gvardiya, shuningdek korxonaning eng zamonaviy texnikalari, mutaxassislari jalb etildi.
Tadbir yakunida faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA