Amaliy ishlar jarayonlari o‘rganildi
Buxoro viloyatida madaniy meros ob’ektlari va ularga tutash hududlarda obodonlashtirish ishlarini tashkil etish, aholi va sayyohlar uchun zarur shart-sharoitni yaratish, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda yangi imkoniyatlarni ishga solish borasidagi amaliy ishlarga kirishildi.
Ahamiyatlisi, bu keng ko‘lamdagi xayrli ish joriy yilning sentyabr-noyabr oylarida Buxoro tarixiy markazi hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi oldidan amalga oshirilmoqda. Xalqaro arxitektura va san’atning ilg‘or yutuqlari asosida o‘tkazilishi taklif etilayotgan xalqaro biyennale Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida birinchi bo‘lib tashkil qilinadi.

Biyennaleni YUNESKO shafeligida o‘tkazish hamda BAA, Fransiya, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarning yetakchi san’at tashkilotlari vakillaridan iborat Xalqaro kengash tomonidan boshqarish nazarda tutilgan. Mazkur xalqaro tadbirning arxitekturaviy yechimlarini ishlab chiqish maqsadida BAAning “Wai wai design” arxitektura tashkiloti jalb qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisining o‘rinbosari Aziz Mannapov, “Wai wai design” xorijiy kompaniya asoschisi, mazkur Biyennale kuratori Vayel al Avar, chet ellik arxitektor mutaxassislar ayni kunda viloyatda bo‘lib, Buxoro shahrining tarixiy qismida boshlangan ishlarni o‘rganmoqda.

Madaniy meros va arxitektura yodgorliklarini asrab-avaylash, ulardan oqilona foydalanish va texnogen jarayonlar ta’sirining oldini olish maqsadida xorijiy va mahalliy ekspertlar, olimlar, tarixchilar hamda tajribali loyihachilarni jalb qilgan holda Buxoro shahar tarixiy markazidagi “Chor Minor” va “Isteza” madrasalari, “Samarqand” va “Darvozai Salloxona” darvozalari, “Zindon” va “Masjidi Kalon” kabi turistik marshrut bo‘ylab joylashgan ob’ektlar hududida yomg‘ir suvlarini oqizish tarmoqlarni qurish, elektr energiyasi, tabiiy gaz, aloqa kabellari va boshqa kommunikatsiya tizimlarini Xiva shahri tajribasi asosida ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri