Alp yigitlar ulg‘ayar bunda
Farg‘ona harbiy texnika yo‘nalishidagi akademik litseyida tahsil olayotgan yoshlarga tengdoshlari havas qiladi. Harbiy bo‘lishni maqsad qilgan bu yoshlarning o‘ktam qomati, shaxdam yurishi, o‘ziga yarashib turgan libosi bunga sabab.
Farg‘ona harbiy texnika yo‘nalishidagi akademik litseyida tahsil olayotgan yoshlarga tengdoshlari havas qiladi. Harbiy bo‘lishni maqsad qilgan bu yoshlarning o‘ktam qomati, shaxdam yurishi, o‘ziga yarashib turgan libosi bunga sabab.Prezidentimiz rahnamoligida yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida xizmat qilayotgan harbiylarni, muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan yigitlarni, umuman, shu kasbni tanlagan yoshlarni munosib rag‘batlantirish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor ko‘rsatilmoqda. Bu boradagi keng ko‘lamli ishlar samaralari harbiy ta’lim muassasalarida ham o‘z ifodasini topayotir. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 17-fevraldagi “Harbiy akademik litseylar faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qarori bunda muhim omil bo‘layotir.
Farg‘ona harbiy texnika yo‘nalishidagi akademik litseyida 450 nafar o‘quvchi zamonaviy sharoitlarda ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularga o‘ttizdan ortiq tajribali pedagog fanlar, yigirmaga yaqin ofitser va serjant harbiy soha sir-asrorlari bo‘yicha saboq beradi. Litseyga umumta’lim maktablarining 9-sinfini bitirgan o‘quvchilar belgilangan tartibdagi sinov va tanlov asosida qabul qilinadi. O‘quvchilarni qabul qilish ixtisoslik fanlari – matematika, fizika, tarix, o‘zbek tili va adabiyotidan test sinovlari hamda jismoniy tayyorgarlikni baholash asosida amalga oshiriladi.
– Litseyda o‘quv-tarbiya ishlari o‘quvchilarni harbiy kasbga yo‘naltirish hamda ularning keyinchalik oliy harbiy va boshqa oliy ta’lim muassasalarida o‘qishini nazarda tutadigan o‘quv rejasi va dasturi asosida, ilg‘or pedagogik, axborot texnologiyalaridan keng foydalanilgan holda tashkil etilgan, – deydi litsey direktori G‘olib Ernazarov. – Belgilangan kun tartibi harbiy tartib-intizomga yaqin, o‘quvchilarning kechayu kunduz shu yerda bo‘lishini hisobga olib tuzilgan. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar yoshlarning kasb mahorati va ko‘nikmasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘quvchilarning sport bilan shug‘ullanishi, dam olishi, madaniy-ma’rifiy, intellektual salohiyatini oshirishi uchun ham barcha zarur sharoit yaratilgan. 12 mingdan ortiq turli adabiyot va darsliklar bilan ta’minlangan axborot-resurs markazi, o‘quv xonalari zamonaviy komputerlar, laboratoriya asbob-uskunalari va ko‘rgazmali materiallar bilan jihozlangan.
O‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun turli to‘garaklar, shuningdek, nishonga otish, yengil atletika, qo‘l jangi, kurash, futbol, voleybol, basketbol singari sport seksiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, “Yosh desantchi”, “Yosh razvedkachi”, “Aviamodelchi” to‘garaklari o‘quvchilarning sevimli mashg‘ulotiga aylangan. Litsey o‘quvchilari viloyat va mamlakat miqyosida o‘tkazilayotgan sport musobaqalarida muntazam sovrindorlar qatoridan joy olib keladi. Chunonchi, 2015-yilda harbiy akademik litseylar o‘rtasida o‘tkazilgan “Amir Temur avlodlari” harbiy-sport musobaqalarida litsey o‘quvchilaridan iborat jamoa ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Ayni paytda bo‘lajak fan olimpiadalari, turli tanlov va sport musobaqalariga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda. “Eng ilg‘or guruh”, “Eng ilg‘or vzvod” tanlovi hamda fanlar bo‘yicha o‘tkazilayotgan bellashuvlar yoshlarning bilim ko‘nikmasini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
– Aniq fanlarga juda qiziqaman, – deydi o‘quvchi Nizomiddin Kamolov. – Shu bois, matematika va fizika fanlarini ustozlarim ko‘magida chuqur o‘rganmoqdaman. Maqsadim – oliy harbiy bilim yurtida o‘qishni davom ettirib, milliy armiyamiz safida yetuk ofitser bo‘lib xizmat qilish.
Nizomiddin kabi yoshlarning kelajakda harbiy kasb egasi bo‘lishga intilishi, qiziqishi yuqori. Yigitlarning saf tayyorgarligi mashg‘ulotidagi faolligi, harbiycha tartib-intizomga rioya etishini ko‘rib, ular bejiz mazkur litseyga o‘qishga kelmaganiga amin bo‘lasiz. Ayniqsa, bu yerda tez-tez turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi ularning ma’naviy salohiyati yuksalishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Barkamol avlod – millat kelajagi”, “Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni”, “Biz istiqlol farzandlarimiz” kabi davra suhbatlari, taniqli ijodkorlar bilan uchrashuvlar shular jumlasidandir. 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni oldidan bu yerda “Tayanchim va suyanchim, faxru iftixorimsan, muqaddas Vatan!” shiori ostida tadbirlar o‘tkazilmoqda.