Alisher Sa’dullayev bo‘lajak avtomobilsozlar bilan uchrashdi
Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev hamda agentlik huzuridagi bir qator loyihalar jamoasi poytaxtimizdagi Turin politexnika universiteti faoliyati bilan tanishdi.
Ma’lumki, ushbu nufuzli oliygoh yurtimizda avtomobilsozlik, mashinasozlik, energetika sanoati hamda arxitektura kabi yetakchi sohalarni yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, kelajak muhandislarini tayyorlashda muhim o‘ringa ega.


Tashrif doirasida aynan mana shu muhim yo‘nalishlar bo‘yicha tahsil olayotgan talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Uchrashuv davomida yigit-qizlarning sohaga oid zamonaviy taklif-tashabbuslari, ishlab chiqarish va arxitekturaga qaratilgan kreativ startap g‘oyalari qiziqish bilan tinglandi.



Muloqot yakunida universitet rahbariyati bilan o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilinib, bo‘lajak mutaxassis yoshlar uchun yanada kengroq imkoniyatlar yaratish va ularning innovatsion loyihalarini amaliy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA