Aliment to‘lovchi va oluvchilarga qulaylik
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Qiziltepa tumani bo‘limi tomonidan 2021 yil 3 dekabrda qarzdor Sh.A.dan undiruvchi A.Sh. foydasiga 9 million so‘m, byuroning Navbahor tumani bo‘limi tomonidan qarzdor Sh.Ch.dan undiruvchi D.S. foydasiga 4,6 million so‘m undirilgan aliment puli undiruvchining plastik kartasiga o‘tkazildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Navoiy viloyati boshqarmasining hududiy bo‘limlari ish yurituvida mavjud bo‘lgan 40 mingdan ortiq ijro ishlarining 12 mingdan ortig‘ini aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro ishlari tashkil qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 noyabrdagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoniga asosan 2021 yil 1 martdan boshlab ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlar tomonidan aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi orqali ijro hujjatlari bo‘yicha har bir undiruvchi nomiga tegishli bank kartasi rasmiylashtirilishi hamda aliment pullari, shu jumladan qarzdorning ish haqidan ushlab qolingan aliment pullari ushbu bank kartasiga o‘tkazilishi belgilangan.
Mazkur tizim amaliyotga to‘liq tatbiq qilinib, aliment to‘lovchi va oluvchilarga qulaylik yaratildi va aliment mablag‘larini olish uchun byuroga yoki pochta aloqa tarmoqlariga borishiga hojat qolmadi. Shuningdek jarayonni bevosita doimiy ravishda masofadan kuzatish imkoni paydo bo‘ldi. Bu borada boshqarma tomonidan 9 mingga yaqin aliment oluvchilarga bepul bank plastik kartalari tarqatilib, byuroning tuman-shahar bo‘limlari depozit hisob raqamlaridan ushbu plastik kartalarga 1,1 milliard so‘m mablag‘ ko‘chirilishi ta’minlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA