Aliment to‘lovchi fuqarolarning bandligi ta’minlanmoqda
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga kelib tushadigan murojaatlarning katta qismini aliment undiruvi bilan bog‘liq murojaatlar tashkil qiladi.
Ayniqsa, davlat ijrochilari hech qayerda ishlamaydigan qarzdorlardan to‘lovlarni undirishga muammolarga duch keladi. Shu sababli, ishsiz aliment to‘lovchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida Byuroning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan 2 ming 300 ga yaqin aliment to‘lovchi qarzdorning ishga joylashtirilishi ta’minlandi.
Jumladan, yaqinda Yakkabog‘ tumanida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi o‘tkazilib, unda 150 nafar ishsiz, aliment to‘lovchi ishtirok etib, ulardan 18 nafari doimiy va mavsumiy ishga joylashtirildi, 4 nafariga kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha yo‘llanma berildi.

Hududlarda bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.

O‘lmas Barotov, O‘zA