Aliment to‘lamagan ota qamoqqa olindi
Majburiy ijro byurosida ish yurituvidagi bir milliondan ortiq ijro hujjatlarining qariyb chorak qismi aliment to‘lovlariga oid bo‘lgan.
Shundan 131 ming 355 qarzdor aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lab kelmoqda. 70 mingga yaqin ijro hujjati bo‘yicha aliment pullari davlat ijrochilari tomonidan qarzdorlarga majburiy ijro etish choralarini qo‘llash orqali undirilib kelinmoqda.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor N.G‘afforovdan undiruvchi Z.Mamasodiqovaning foydasiga to‘rt nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun oylik ish haqi va boshqa daromadlarining ikkidan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.
Mazkur ijro hujjati bo‘lim ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi yuritish qo‘zg‘atilgan. Qarzdorning mol-mulkini aniqlash maqsadida tegishli davlat idoralariga so‘rov xatlari yuborilgan bo‘lib, unga ko‘ra qarzdor nomiga rasmiylashtirilgan mol-mulklar aniqlanmagan.
Ijro harakatlari davomida qarzdor bir necha marta ogohlantirilganiga qaramasdan, anchadan buyon aliment to‘lamay kelayotgani aniqlandi.
Uning alimentdan qarzdorligi hisob-kitob qilinganda bugungi kun holatiga 19 million 229 ming so‘m qarzdorligi mavjudligi ma’lum bo‘ldi.
Qarzdordan aliment qarzdorligini undirish imkoni bo‘lmaganligi sababli, unga nisbatan to‘plangan hujjatlar ma’muriy javobgarlik masalasini ko‘rish uchun Urgut tumani ma’muriy sudiga yuborildi.
Sudga 1 million so‘m pulni ko‘tarib kelib jazodan qutulib qolaman, degan qarzdor adashdi. Urgut tumani ma’muriy sudining qarori bilan qarzdor N.G‘afforovga nisbatan 15 sutka qamoq jazosi tayinlandi.
O‘zA