Aliment qarzdorliklari undirilmoqda
Aliment voyaga yetmagan bolaning moddiy ta’minoti uchun beriladigan mablag‘. U Oila kodeksida belgilangan tartibda er-xotinning o‘zaro kelishuvi yoki sud hujjatlari asosida undiriladi.
Afsuski, ayrim ota yoki onalar voyaga yetmagan farzandlari uchun belgilangan aliment to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlab, jigargo‘shalari kamolotiga befarq munosabatda bo‘ladi. Ajrashib ketdim-ku, farzandimni endi onasi qanday xoxlasa, shundoq ulg‘aytirsin yoki otasida qoldimi, moddiy ta’minotini ham otasi o‘z gardaniga olsin, degan fikrda yuradi. Aslida bu masala oila qonuniy ajrashayotganida sud buyrug‘i bilan belgilab beriladi. Masalan, Sho‘rchi tumanida yashovchi Nozim Kamolov(ism-sharif o‘zgartirildi)dan 2017 yil mart oyidagi sud buyrug‘iga asosan ikki nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.

Mazkur ijro ishi Majburiy ijro byurosi Sho‘rchi tuman bo‘limi ish yurituviga qabul qilingach, tegishli ijro harakatlari amalga oshirilgan. Biroq qarzdor ota 8 yil davomida aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab, qochib yurgan. Natijada voyaga yetmagan farzandlari oldida qariyb 70 million so‘mlik qarzdorlik yuzaga kelgan. Qarzdor ota topilgach, sud qarori bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu jazodan to‘g‘ri xulosa chiqarmay aliment to‘lovlaridan qasddan bo‘yin tovlagani sababli MIB viloyat boshqarmasi jinoyat ishi qo‘zg‘atib, ayblanuvchi N. Sobirovga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Shundan so‘ng 8 yil davomida yig‘ilib qolgan 70 million so‘m aliment puli undirildi.

Yana bir holatda Termiz tumanida yashovchi qarzdor ota Salim Jo‘lliyev ikki farzandi uchun 2022 yil oktyabr oyidan hisoblangan aliment pulini to‘lashni paysalga solib kelgan. MIBning surishtiruv va ma’muriy amaliyot shu’basi xodimlari surishtiruv harakatlari olib borib, qarzdor otaga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasini qo‘lladi. Shunda alimentchi ota va uning qarindoshlari vaziyat yaxshi emasligini anglab qolishdi. Ikki begunoh farzandning moddiy ta’minoti uchun to‘planib qolgan 27 million 719 ming so‘m aliment qarzdorligi to‘liq undirib olindi.
Davlat ijrochilari viloyatda uzoq muddat to‘lanmay qolgan aliment mablag‘larini tahlil qilib, ularni amaldagi qonunchilik doirasida tezkor undirib berish tadbirlarini davom ettirmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri