Aliment puli jamg‘arma hisobidan qoplab berildi
Inson ulg‘ayib, oilali bo‘lgach, farzandining baxtu kamolini o‘ylab yashaydi. Aslida ham hayot shu fazilatimiz bilan go‘zal, turmushimiz totli bo‘ladi. Biroq, ayrim kimsalar ham borki, ulug‘ orzu-niyatlar bilan ro‘zg‘or qurgach, uning past-balandiga, og‘iru yengiliga chiday olmay, guldek farzandining ota yoki ona mehridan mosuvo yashashiga sababchi bo‘ladi. Ya’ni, ota-ona oilasiga darz ketib, ajrashgach, o‘g‘il-qizining turmushi uchun berilishi lozim bo‘lgan aliment pulini ham ko‘zi qiymaydi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda ana shunday alimentchilardan begunoh farzandi uchun sud tartibida ajratilgan mablag‘ni undirib berish milliy qonunchiligimiz doirasida mustahkamlandi. Endilikda ajrashgan oilada kamol topayotgan farzandga belgilangan moddiy ta’minot mablag‘ini to‘lashdan bo‘yin tovlansa, alimentchiga tegishli jazo qo‘llanilgan holda Majburiy ijro byurosining maxsus aliment to‘lovlari jamg‘armasi hisobidan berilmoqda. Jumladan, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Denov tumanlararo sudining 2021 yil yanvar oyidagi ijro hujjatiga asosan tumanda yashovchi R.Akbarovdan voyaga yetmagan bir farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan bo‘lsa-da, qarzdor ota yolg‘iz farzandi uchun aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgani uchun ma’muriy javobgarlik masalasi hal etilgan.
– Afsuski, alimentchi ota bu ta’sir chorasidan to‘g‘ri xulosa chiqarmadi, – deydi MIB Surxondaryo viloyat boshqarmasi mas’ul xodimi Qobiljon Tursunov. – Aliment pulini to‘lashdan yana qasddan bo‘yin tovladi. Shundan so‘ng unga nisbatan Majburiy ijro byurosi Denov tuman bo‘limi jinoyat ishi qo‘zg‘atib, qarzdor otaga sud hukmi bilan 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Farzandining moddiy ta’minoti uchun berilmagan 40 million so‘m aliment puli MIBning maxsus aliment to‘lovlari jamg‘armasi hisobidan undiruvchi nomiga ochilgan bank plastik kartasiga to‘liq to‘lab berildi.
MIB mutasaddilarining aytishicha, bu bilan qarzdor ota aliment to‘lovlaridan ozod etilmaydi. Farzandining moddiy ta’minoti uchun qoplab berilgan aliment puli keyinchalik qarzdor otadan jamg‘arma hisob raqamiga qaytarilishi ta’minlanadi.
Nilufar Bozorova,
O‘zA muxbiri