Alifbo islohoti tilimiz kelajagiga qaratilgan muhim qadamdir
Til – millatning qalbi, tarixiy xotirasi, tafakkuri va ma’naviy qiyofasini o‘zida mujassam etgan buyuk qadriyat. Millatning necha asrlik tajribasi, dunyoqarashi, orzu-intilishlari va ma’rifiy salohiyati, avvalo, uning tilida namoyon bo‘ladi. Alifbo esa ana shu tilning yozma qiyofasini belgilaydigan, uni avloddan avlodga yetkazadigan va jamiyatning ilmiy-ma’rifiy taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim vositadir. Shu bois alifbo masalasi hech qachon oddiy harflar masalasi bo‘lmagan va bo‘lmaydi. Bu milliy tilning buguni, ertasi va uning jahon axborot makonidagi o‘rni bilan chambarchas bog‘liq masaladir.
Bugun O‘zbekistonning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotida yuz berayotgan keng ko‘lamli islohotlar qatorida o‘zbek tilini rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlash, qo‘llanish doirasini kengaytirish va zamonaviy taraqqiyot talablariga moslashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbek tilining mamlakat hayotining barcha sohalarida, shuningdek, xalqaro maydonda tobora keng qo‘llanayotgani uning imkoniyatlarini yanada rivojlantirish uchun yangi vazifalarni kun tartibiga olib chiqmoqda. Ana shunday muhim vazifalardan biri lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishdir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasining qabul qilinishi va Senatning 19-yalpi majlisida ma’qullanishi shu jihatdan katta ahamiyatga ega.
Mazkur tashabbusning mohiyati faqat ayrim harflarning shaklini o‘zgartirishdan iborat emas. Uning zamirida o‘zbek yozuvini yanada qulay, aniq, izchil va zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘un tizimga aylantirish, davlat tilidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda uni raqamli makonda to‘laqonli faoliyat yurita oladigan til sifatida rivojlantirish maqsadi mujassam.
Yangi tahrirdagi alifboda amaldagi 26 ta harf va 3 ta harf birikmasi o‘rniga 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan foydalanish nazarda tutilmoqda. Xususan, “G‘ g‘” o‘rniga “Ğ ğ”, “O‘ o‘” o‘rniga “Ö ö”, “Sh sh” o‘rniga “Ş ş”, “Ch ch” o‘rniga “Ç ç” shakllarining qo‘llanishi yozuv tizimining grafik jihatdan ixchamligi va texnik imkoniyatlarini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Bir qarashda bu o‘zgarishlar faqat grafik ko‘rinishga daxldordek tuyuladi. Aslida esa har bir belgining yozuvdagi o‘rni, uning elektron qurilmalar tomonidan qayta ishlanishi, qidiruv tizimlarida tan olinishi, ma’lumotlar bazalarida saqlanishi va raqamli dasturlarda bir xil aks etishi tilning zamonaviy hayotidagi nihoyatda muhim masalalaridan biridir. Ayniqsa, “O‘ o‘” va “G‘ g‘” belgilarini yozishda ko‘p yillardan buyon kuzatilayotgan texnik noqulayliklar barchamizga ma’lum. Turli klaviaturalarda, mobil qurilmalarda, elektron hujjatlarda va dasturiy tizimlarda mazkur belgilarni bir xil ko‘rinishda qo‘llash har doim ham oson kechmaydi.
Natijada bir so‘zning turli hujjatlarda turlicha yozilishi, elektron qidiruvda kerakli ma’lumotning topilmasligi, ma’lumotlar bazalarida nomuvofiqliklar yuzaga kelishi kabi muammolar paydo bo‘ladi.
Bugungi raqamli davrda esa bunday masalalar mayda texnik kamchilik sifatida qaralishi mumkin emas. Chunki til endi qog‘ozdagi matn bilangina chegaralanmaydi. U elektron hukumat tizimlarida, internet tarmoqlarida, mobil ilovalarda, elektron kutubxonalarda, sun’iy intellekt platformalarida, avtomatik tarjima dasturlarida va katta hajmdagi ma’lumotlar bazalarida faol yashamoqda. Shu ma’noda alifbo islohoti o‘zbek tilining raqamli kelajagi bilan bog‘liq strategik masaladir.
Kelajakda o‘zbek tilidagi elektron lug‘atlar, milliy korpuslar, avtomatik tarjima tizimlari, nutqni matnga aylantirish texnologiyalari, matnni avtomatik tahlil qilish dasturlari va sun’iy intellekt vositalari qanchalik rivojlanmasin, ularning samaradorligi tilning yozuv tizimi qanchalik standartlashtirilganiga ham bog‘liq bo‘ladi.
Demak, bugun alifboni takomillashtirish orqali biz faqat yozuvdagi ayrim noqulayliklarni bartaraf etmayapmiz, balki o‘zbek tilining yangi texnologik avlod uchun imkoniyatlarini ham kengaytirmoqdamiz.
Bu jarayonning yana bir muhim jihati shundaki, yangi taklif etilayotgan ayrim grafik belgilar o‘zbek yozuvi tarixida mutlaqo begona emas. “Ğ ğ”, “Ö ö”, “Ş ş”, “Ç ç” kabi shakllar 1929-1940-yillarda amalda bo‘lgan lotin yozuviga asoslangan alifbo tajribasida ham, 1993-yilda tasdiqlangan o‘zbek lotin alifbosi variantida ham qo‘llangan.
Bu esa bugungi islohotni tarixiy tajribadan butunlay uzilgan yangilik sifatida emas, balki o‘zbek yozuvi taraqqiyotining avvalgi bosqichlarida to‘plangan tajribalarni zamonaviy ehtiyojlar bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan jarayon sifatida ko‘rish imkonini beradi. Bu borada jadid bobolarimizning merosi alohida ahamiyat kasb etadi. Jadidlar uchun yozuv masalasi shunchaki harflarning shakli emas, balki millatning savodxonligi, ta’lim sifati, ma’rifat darajasi va taraqqiyoti bilan bog‘liq masala edi.
Ular xalqning ilm-ma’rifatga yetishi uchun yozuv imkon qadar qulay va tushunarli bo‘lishi zarurligini chuqur anglaganlar. Bugungi avlodning vazifasi esa ajdodlar boshlab bergan ma’rifiy intilishlarni yangi davr sharoitida davom ettirishdir. Faqat bugungi kunda bizning oldimizda yangi vazifalar turibdi: yozuv nafaqat inson uchun, balki raqamli texnologiyalar uchun ham qulay bo‘lishi kerak.
Alifbo islohotining ta’lim jarayonidagi ahamiyati ham nihoyatda katta. Maktab o‘quvchisi, talaba, o‘qituvchi, tadqiqotchi yoki oddiy fuqaro uchun yozuv tizimi qanchalik aniq va izchil bo‘lsa, undan foydalanish shunchalik qulay kechadi.
Kelajak avlod o‘zbek tilini yagona grafik tizim asosida o‘rganishi, elektron resurslardan foydalanishi va xalqaro axborot makoniga chiqishi uchun yozuvimizning zamonaviy talablarga javob berishi zarur. Zero, bugungi bola ertangi kunning tadqiqotchisi, mutaxassisi, dasturchisi, jurnalisti, o‘qituvchisi yoki olimi bo‘ladi. Uning o‘zbek tilida bemalol bilim olishi va shu tilda zamonaviy texnologiyalardan foydalanishi uchun mustahkam lingvistik poydevor kerak.
Shu bilan birga, bunday katta islohotni bosqichma-bosqich va puxta o‘ylangan holda amalga oshirish nihoyatda muhim. Qonun kuchga kirgunga qadar amaldagi alifboda rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarning muomalada bo‘lishiga to‘sqinlik qilinmasligi, davlat organlari va tashkilotlarining ayrim ramziy belgilari, peshlavha va ko‘rsatkichlaridan ular yaroqsiz holga kelgunga qadar yoki belgilangan muddatgacha foydalanishga ruxsat berilishi aynan shu mas’uliyatli yondashuvning ifodasidir.
Bu fuqarolar va tashkilotlarning manfaatlarini himoya qilish bilan birga, davlat va jamiyat uchun ortiqcha xarajatlarning oldini olish imkonini ham beradi.
Bugun o‘zbek tilining xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotgan bir paytda uning yozuvini zamonaviylashtirishga qaratilgan bunday tashabbusning tarixiy ahamiyati yanada oshadi.
O‘zbek tili buyuk adabiy va ilmiy merosga ega bo‘lgan, millionlab insonlarning tafakkuri va ma’naviy olamini ifodalovchi tildir. Endi uning imkoniyatlarini faqat an’anaviy yozma muloqot doirasida emas, balki global raqamli makonda ham kengaytirishimiz kerak. Buning uchun esa til siyosati, imlo, alifbo va raqamlashtirish jarayonlari bir-birini to‘ldirishi zarur.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, alifboni takomillashtirishga qaratilgan mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlash tilimizning tarixiy merosiga hurmat bilan qarash, ayni paytda uning kelajagi haqida jiddiy o‘ylash demakdir.
Biz ajdodlardan meros bo‘lib kelgan tilni shunchaki saqlab qolish bilan cheklanmasligimiz kerak. Uni zamon bilan hamnafas rivojlantirish, yangi ilmiy va texnologik imkoniyatlarga moslashtirish, yosh avlod uchun qulay va mukammal yozuv tizimini shakllantirish ham bizning tarixiy vazifamizdir.
Bugun alifboga kiritilayotgan o‘zgarishlar, aslida, kelajak avlodga qaratilgan o‘zgarishlardir. Chunki biz tanlayotgan har bir harf, belgi va yozuv shakli ertaga millionlab matnlarda, darsliklarda, ilmiy asarlarda, elektron ma’lumotlar bazalarida, dasturiy ta’minotlarda va raqamli platformalarda qo‘llanadi.
Demak, bugungi qarorlarimizning ta’siri bir necha yil bilan emas, balki o‘nlab yillar bilan o‘lchanadi.
O‘zbek tili o‘zining boy tarixiga munosib ravishda zamonaviy dunyoning barcha sohalarida to‘laqonli ishlaydigan til bo‘lishi kerak. Uning yozuvi esa sodda, aniq, izchil, texnik jihatdan qulay va kelajak texnologiyalariga mos bo‘lishi zarur.
Ana shu maqsad yo‘lida alifboni takomillashtirish - o‘zbek tilining nufuzini oshirish, uning imkoniyatlarini kengaytirish va milliy tilimizning kelajak avlodlar hayotidagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim qadamdir.
Alifbo - shunchaki harflar majmui emas. U milliy tafakkurning yozma ifodasi, ilm-ma’rifatning vositasi, tarix va kelajakni bog‘lovchi ma’naviy ko‘prikdir.
Bugun ana shu ko‘prikni zamonaviy va mustahkam qurish vaqti keldi. O‘zbek tilining buyuk o‘tmishi bizga faxr bag‘ishlasa, uning zamonaviy va raqamli kelajagi bizdan mas’uliyat talab qiladi.
Gulsanam Norova,
filologiya fanlari doktori.
O‘zA