“Alanga ichidagi ayol” kitobi o‘zbek tilida chop etildi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida adiba Nodirabegim Ibrohimova tarjimasida chop etilgan “Alanga ichidagi ayol” kitobining taqdimoti o‘tkazildi.
Xalqaro jurnalistika fakulteti dekani Amrulla Karimov yangi chop etilgan kitobning bugungi kundagi ahamiyati va dolzarbligi haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, yozilganiga qariyb 20 yil bo‘lgan bo‘lsada, hamon unga bo‘lgan talab susaymagani, badiiy asar o‘z saviyasini yo‘qotmagani haqida gapirdi. Tarjimon Nodirabegim Ibrohimova kitobni tarjima qilish jarayonlari bilan o‘rtoqlashdi.

– Men ushbu asarni ayol bo‘lganim uchun chuqurroq his qilib, anglab, tarjima qildim, – deydi tarjimon Nodirabegim Ibrohimova. – Asli iordaniyalik Suad ismli ijodkor aslida ijodkor emas, oddiy uy bekasi. Ushbu kitobda o‘zining ayanchli taqdiri haqida gap boradi. Ushbu asar 40 ga yaqin tillarga tarjima qilingan. Bugun men ham shu kitobni jamiyat ayollari o‘qishini, yuraklarida shukronalik hissini tuyishlarini xohladim. O‘zim ham O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tahsil olganman. Talabalarni ko‘rib universitetda o‘qib yurgan kezlarimda qilingan ilk tarjimalarim ko‘z o‘ngimdan o‘tyapti. Tahsil davomida ko‘p narsalarni o‘rgandim. Mana oradan yillar o‘tib, bu mevasini berdi. Tarjimadagi navbatdagi kitobim aynan shu yerda taqdimot qilinyapti.

Adabiy kecha nazm va navo ko‘rinishida davom etdi. Taniqli xonanda Shuhrat Daryo qo‘shiqlar kuyladi, shoir Shuhrat Orif o‘zining dilbar she’rlarini tadbir ishtirokchilariga armug‘on etdi.

Kitob “Faktor books” nashriyoti tomonidan 2 ming nusxada chop etilgan. Taqdimot so‘ngida ijodkor dastxati tushirilgan kitoblar taqdim etildi.

D.Mamatova, O‘zA