Al-Xorazmiy universiteti tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Al-Xorazmiy universitetini tashkil etish hamda axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida muhandislik va IT sohasida kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan davlat oliy ta’lim muassasasi shaklida Al-Xorazmiy universiteti tashkil etiladi.
Universitetning asosiy faoliyat yo‘nalishlari:
a) matematika, aerokosmik texnologiyalar, muhandislik, IT va sun’iy intellekt sohalari uchun zamonaviy bilim va malakaga ega oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash;
b) o‘quv-tarbiya jarayonini ilg‘or pedagogik va zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda jahonning yetakchi universitetlarida joriy etilgan ta’lim texnologiyalari va usullari asosida tashkil etish;
v) talabalarning intellektual qobiliyatini rivojlantirish, bilimini amaliy tajribalar orqali mustahkamlash, o‘quv materiallarini samarali va puxta o‘zlashtirishga xizmat qiladigan har tomonlama qulay ta’lim muhitini shakllantirish;
g) ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi mavjud ehtiyojlardan kelib chiqib, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, shuningdek, chet ellardagi nufuzli, tan olingan ilmiy markazlar bilan yaqindan hamkorlik qilish, talabalarni ilmiy va innovatsion faoliyatga keng jalb etish;
d) ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish jarayonlari integratsiyasi asosida yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash hamda ilmiy yangiliklarni amaliyotga joriy etishga xizmat qiladigan innovatsion ekotizimni shakllantirishdan iborat bo‘ladi.
Ta’lim jarayoni 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab tashkil etiladi hamda talabalarni o‘qitish davlat va ingliz tillarida kredit-modul tizimi asosida olib boriladi.
Universitetda ta’lim jarayoni Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy Xalq Respublikasi, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning nufuzli oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutining Urganch filiali faoliyati Universitet binosida tashkil etiladi hamda har bir ilmiy xodimga talaba biriktirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Universitetga Xorazm viloyati Urganch shahridagi Al-Xorazmiy majmuasi hududidan kampus qurish uchun zarur yer maydoni doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladi.
O‘zA