Yosh veb-ixtirochilar uchun o‘quv-seminar tashkil etildi
Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejida “Intellektual” axborot texnologiyalari bo‘yicha loyihalar tanlovi hududiy bosqichlari g‘oliblari uchun o‘quv-seminar o‘tkazilmoqda.
Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejida “Intellektual” axborot texnologiyalari bo‘yicha loyihalar tanlovi hududiy bosqichlari g‘oliblari uchun o‘quv-seminar o‘tkazilmoqda.“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari hamkorligida tashkil qilingan tadbirda bugungi globallashuv zamonida integratsiya jarayonidan uzilmay, dunyo tamadduniga hamqadam rivojlanish, sog‘lom axborotlashgan jamiyatni shakllantirish, milliy internet segmentini boyitish, milliy manfaatlarga mos, har tomonlama foydali saytlarni yaratish, ko‘paytirish, yosh veb-ixtirochilarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Bugun mamlakatimizda aloqa va axborotlashtirish sohasi zamonaviy texnologiyalar asosida jadal rivojlanmoqda. Internet, mobil aloqa va boshqa ko‘plab yuqori texnologiyali mahsulotlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib borayotir.
Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga ko‘maklashadigan, sohani yangi, zamonaviy bosqichga olib chiqadigan me’yoriy-huquqiy baza izchil takomillashtirilmoqda.
Joriy yilning 9-sentabriga qadar davom etadigan o‘quv-seminarlarda ishtirokchilarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, Vatanimiz taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shadigan milliy dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirishga doir bilim va salohiyati oshirilmoqda.
“Intellektual” axborot texnologiyalari bo‘yicha loyihalar tanlovining mamlakat bosqichini yuqori saviyada tashkil etishga, ishtirokchilarning veb-ishlanmalari, mobil va virtual voqelik bo‘yicha ilovalari taqdimotiga har tomonlama tayyorgarlik ko‘rilmoqda.