Aksiya doirasida tibbiy ko‘rik boshlandi
Sirdaryo viloyatida ham Sog‘liqni saqlash vaziri tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “O‘qituvchi va murabbiylar salomatligi oyligi” aksiyasi doirasida tibbiy ko‘rik tashkil etish boshlandi.
–Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi tuman, shahar tibbiyot birlashmalari va ularning ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida tashkil etiladigan tibbiy ko‘rikka Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimidagi 325 umumta’lim maktablarining 14 mingdan ortiq o‘qituvchi va murabbiylari qamrab olinadi, – deydi viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Yusuf Mirxonov. – Tashkil etilgan tibbiy ko‘rik jarayonlarida umumta’lim maktablarining 1500 ga yaqin o‘qituvchi va murabbiylari ishtirok etdi. Ularning salomatligi bilan bog‘liq masala va muammolarga, shahar va viloyat davolash profilaktika muassasalarining nevropatolog, urolog, ginekolog, oftalmolog, stomatolog, psixolog, endokrinolog kabi tor doira mutaxassislaridan aniq javob olishlari mumkin.




Tibbiy ko‘rik jarayonlariga 200 ga yaqin o‘qituvchi va murabbiylar kelgan bo‘lsa, avgust oyining 10 sanasiga qadar gulistonlik, qolaversa sirdaryolik o‘qituvchi va murabbiylar to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Eng muhimi, tibbiy ko‘rik natijalariga qarab, sog‘lig‘ida muammosi bor, davolanishga muhtoj o‘qituvchilarga viloyat va shahar davolash profilaktika muassasalarida statsionar davolanish uchun tavsiya va maslahat beriladi. Tibbiy ko‘rik va davolanish bilan bog‘liq barcha xarajatlar davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu esa 2023 yil — “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” da davlatimiz tomonidan o‘qituvchi va murabbiylarga g‘amxo‘rlik namunasi hisoblanadi.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA.