Akademiya talabasi – O‘zbekiston chempioni
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Islomshunoslik fakulteti 2-bosqich talabasi Shukurullo Komiljonov sog‘lom turmush tarziga amal qilib, yetti yildan beri kikboksing sport turi bilan muntazam shug‘ullanadi.
Bu vaqt mobaynida sportchi-talaba uch karra O‘zbekiston chempioniga aylandi. 2017 yilda Rossiyaning Anapa shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida g‘olib bo‘ldi.
Kuni kecha Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan Namangan viloyati Gimnastikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabining “Pahlavon” sport majmuasida kikboksing bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida ham Shukrullo muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Qizg‘in va murosasiz bahslar ostida o‘tgan musobaqada 63,5 kilogramm vazn toifasida qatnashgan Shukurullo Komiljonov 1-o‘rinni egalladi.
Iqtidorli talaba bu natijasi bilan joriy yilda bo‘lib o‘tadigan kikboksing bo‘yicha Osiyo chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
– Musobaqaga munosib tayyorgarlik ko‘rdim, – deydi Shukurullo Komiljonov. – Ustozim bilan har bir jangga jiddiy tarzda yondashdik. Raqiblarimning imkoniyatlari, yutuq-kamchiliklarini tahlil qilib, turli jang uslublarini ishlab chiqdik. Shukrki, ota-onam, yaqinlarim, ustozlarim oldida yuzim yorug‘ bo‘ldi.
19 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan toifada ishtirok etib, yakunda mamlakat chempioniga aylandim. Mazkur g‘alabam tufayli O‘zbekiston terma jamoasiga a’zo bo‘ldim. Endigi maqsadim xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishdan iborat. May oyida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi chempionati bo‘lib o‘tadi. Unda ham oltin medalni qo‘lga kiritishga harakat qilaman.
N.Usmonova, O‘zA