Ajralish soʻnggi bekat emas, ammo...
Bugun oilaning qadri-qimmati, muqaddasligi ancha pastga tushib ketdi, mehr-oqibat degan tushunchalar ancha arzonlashdi...
Bugun oilaning qadri-qimmati, muqaddasligi ancha pastga tushib ketdi, mehr-oqibat degan tushunchalar ancha arzonlashdi...
Baxt ostonalari nega tezgina vayronaga aylanib qoldi, nega inson uchun aziz boʻlgan tuygʻularning bahosi arzimas chaqaga teng boʻlib bormoqda? Nega biz baxtni himoya qilish oʻrniga undan voz kechishni afzal koʻrayapmiz? Nega chidam va bardosh tomonda emas, yengil hoyu havaslar tarafdamiz? Odamlar nega bir-birini ayamay, eʼzozlamay yashashga koʻnikib bormoqda va bu bemehrlik, beqarorliklar ortidagi koʻngilsizliklar, gohida fojialardan ham xulosa chiqarishni bilmayotganligimiz juda achinarli.
OZODLIKDAN AYIRGAN ALIMENT MOJAROSI
Jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy shahar sudida koʻrilgan aliment masalasidagi ish materiallarida “....ayolga yetkazgan moddiy zarari uchun” degan iborani oʻqib, biroz taajjublandik. Toʻgʻri, qonunda shunday norma bor. Bunga aslo eʼtirozimiz yoʻq. Bundan tashqari, sharqona qadriyatlarimiz qayerda qoldi? Oʻz umr yoʻldoshi ( garchi u sobiq boʻlsa ham)ni sud hukmiga topshirish va eng achinarlisi arzimagan pul uchun unga ogʻirroq jazo tayinlashlarini qatʼiy talab qilish uchun ayol zoti qanchalar toshbagʻir boʻlishi kerak!
Qonunlarimizni mensimasdan faqat sharʼiy nikoh asosida yashagan ayolning bunday qonuniy talablar qoʻyishga qanchalik haqqi bor?!
Qonuniy nikohdan oʻtmaganlarga sharʼiy nikoh oʻqimasligi haqida imomlarga qoʻyilgan talabni inobatga oladigan boʻlsak, balkim sharʼiy nikoh ham oʻqilmagandir yoki xufiyona nikoh oʻquvchi imomlarimizning vijdoniga havolamikan bu yogʻi... Bilmadik.
Jurnalist izohi: Sud zalidan qamoqqa olingan yigit - Muxtor Nosirovning bu hayotda omadi yurishmadi. Na tayinli oila, na tayinli ish, na tayinli baxtli hayot unga nasib etmadi. Peshonasi shoʻr yigit omadsizliklari alamini ichkilikdan olib, oʻz yoshligini barbod qildi. Sudning qora kursisiga qayta-qayta oʻtirishga majbur boʻldi. Afvlar, kechirishlar, insonparvarliklar ham unga saboq bera olmadi. Oxir-oqibat “toʻqqiz oy muddat davomida moddiy yordamga muhtoj boʻlgan voyaga yetmagan farzandini moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlab, jabrlanuvchi M.Xalilovaga 3.945.600 soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazganligi uchun” ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm oʻqilib, sud zalidan qamoqqa olindi. Hukmda “Sudlanuvchi M.Nosirovdan jabrlanuvchi M. Xalilova foydasiga 3.945.600 soʻm undirilsin ” degan jumlalar ham bor. Temir panjara ortida boʻlsa ham, albatta bu mablagʻ undirilishi muqarrar.
Aliment uchun barbod boʻlgan umr. Yana bir achinarli fakt: Navoiy viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi viloyat narkologiya dispanserining xulosasiga koʻra M. Nosirov 2019-yildan buyon “Surunkali alkogolizm 2-bosqich, yuqori tolerantlik foniga doimiy ichkilikbozlik formasi” tashxisi bilan dispanser hisobida turishi hamda u surunkali alkogolizm kasalligidan majburiy tibbiy davolanishga muhtoj ekanligi qayd etilgan.
Togʻni ursa talqon qiladigan yoshda irodasizligi uchun omadsizman, deb hamma narsaga qoʻl siltashdan yomoni yoʻq. Ammo uning hayoti izdan chiqqanligini hech kim eʼtiborga olmadi. Na mahalla, na yaqinlari na qarindoshlari, na doʻstu oshnalar uning taqdiri bilan qiziqmadi. U bora-bora jarga tushdi. Avvalida belgilangan alimentni toʻlab berganligi-yu, keyinchalik toʻlash imkoni yoʻqligi uchun maʼmuriy qamoq jazosini ham oʻtab chiqqanligi, hech qayerda ishlamasligi uchun ayni paytda alimentni vaqtincha toʻlay olmagani, agar ishga joylashsa albatta barcha qarzlarini toʻlab berishi haqidagi iltimoslari, yengilroq jazo tayinlashlarini soʻrab qilgan iltijolari hech kimni qiziqtirmadi, chunki sud koʻz yoshlarga ishonmaydi...
Qoʻli yoʻq, oyogʻi yoʻq ayrim insonlar yashash uchun kuch topganda, baxtli boʻlish uchun imkon izlaganda M. Nosirov kabilarning qilmishini oqlab boʻlmaydi, albatta.
BUGUN NEGA FARMONBIBILAR YOʻQ?
Keyingi vaqtlarda atrofimizda boʻlayotgan aliment bilan bogʻliq voqealar koʻz oldimizda beixtiyor xalqimiz sevib tomosha qiladigan “Kelinlar qoʻzgʻoloni” kinofilmidagi mana bu sahna koʻrinishini gavdalantirishi tabiiy. Esingizdami, filmda hamma oʻgʻillar va kelinlar oylik maoshini olgan kuni Farmon bibiga navbat bilan topshirib, oila byudjeti daftariga yozdirish sahnasida kelinlarning biri- Muhayyo bilan boʻlgan dialog bor.
Farmon bibi (Muhayyodan pulni sanab olarkan)
Ha-aa, nega buncha koʻp, deya soʻraydi.
Muhayyo esa:
-Yana aliment yuboribdi. Mana shu pulga bolamga velosiped olmoqchi edim...deya javob beradi.
Farmon bibi esa: -Alimentini qaytarib yubor. Senga necha marta aytganman. Bir chaqa ham olma u ablahdan deb. Bolani oʻzimiz boqib oldikmi, velosipedini ham oʻzimiz olib beramiz. Ma, mana bu pulni pochta orqali joʻnatib, kvitansiyasini darrov oʻzimga topshir, deydi.
Bu sahna koʻrinishida millatimizning har qanday pul, boylikdan ustun turadigan kuchli ori va gʻururi aks etganligini koʻrish mumkin.
Hozirchi... hozir nega Farmon bibilar yoʻq. Uni hozirgi aliment mojarolari bilan solishtiradigan boʻlsak, millatimizning oriyat degan tushunchalardan ancha uzoqlashganini koʻrish qanchalar achinarli.
Bu bilan ajralgan ayollar bolasi uchun aliment olmasin, demoqchi emasmiz. Ammo baʼzi ayollarning bunchalik past ketishini toʻgʻrisi, hazm qilish qiyin. Qadimda momolarimiz bir etak bolasi bilan ham sariq chaqaga tamaʼ qilmasdan oʻgʻil-qizlarini boqib, katta qilgan, oʻqitgan, yaxshi insonlar qatoriga qoʻshgan-ku.
SABR-BARDOSHLAR QANI?
Islom nikoh robitasini insoniy aloqalar ichidagi eng muqaddas robitaga aylantirgan. Chunki bu robita Alloh taoloning amri ila, Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vassalamning sunnatlari ila, moʻmin-musulmonlarning guvohligi ila quriladigan muqaddas bir rishtadir.
Ammo qani shu muqaddas rishtaning haqqi- hurmati, qani bu hayot sinovlaridan sabr va bardosh bilan oʻtishning saodati, farogʻati?!
Sharʼiy nikoh qonuniy kuchga ega emasligi uchun oilaviy ajrimlarga monelik kamligini ham tan olish kerak. Oila masʼuliyati yoʻqolgan jamiyatda tarbiyaga putur yetishi oʻz-oʻzidan ayon.
Kimlarningdir oila qurib, bor-yoʻgʻi ikki yil, bir yil, hatto olti oy yashab ham ajralib ketayotganligi oila muqaddas, degan tushunchalar endi xom-xayolmi, degan xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.
Avvallari oilaviy ajrim emas, hatto turmushga chiqqan qizning ota-onasi uyiga arazlab kelishi ham uyat sanalgan. Bugun-chi, bugun? Afsuski...
Bosh qomusimizda “Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqligiga asoslanadi” deyilgan Toʻgʻri, nikoh ixtiyoriy boʻlishi mumkin, ammo uni koʻngilga kelgan vaqtda buzish, barbod qilish aslo ixtiyoriy boʻlmasligi kerak. Nikoh muqaddas degan muqaddas iboraga xiyonat qilmaylik. Hech boʻlmasa, jondan aziz farzandlarimizning koʻnglini oʻksitmaylik. Ota-ona mehri ogʻushida yashash baxtidan ularni mosuvo etmaylik. Axir hech narsa farzandingizning bir daqiqalik quvonchiga teng kelolmaydi, hech narsa dilbandingizning bir tomchi koʻz yoshiga arzimaydi.
Oilani asrab qolish, uni himoya qilish, uning chigʻiriqlaridan oʻtish ham aslida katta sanʼat ekanligini anglash zarur.
Avvalo hayotning turli imtihonlaridan oʻtishga tayyor boʻlmagan yigitmi, qizmi kim boʻlishidan qatʼiy nazar, oila degan ostonaga qadam qoʻyishdan oldin puxta oʻylab koʻrsin. Taqdir kimga nimani ravo koʻradi, peshonada yozilgani shu deya tavakkal qilish oʻrniga qizlarni ham, yigitlarni ham turmushga tayyorlash kerak. Turmushga tayyorlash uchun xoʻjakoʻrsinga dorilfunun-u maktablar ochdik, kurslar ishlayapti, degan hisobotlarning samarasiz ekanligini tan olish vaqti kelmadimi? Bu savollarga mutasaddilar javob bersa yomon boʻlmasdi.
MEDIATSIYA INSTITUTI BIZDA QACHON ISHLAYDI?
Oilaviy masalada shuncha muammolar borligiga qaramasdan nima uchun bizda mediatsiya instituti haligacha oilaviy nizolarda qoʻllanilmayapti? Oʻzbekiston Respublikasining “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi qonuni muomalaga mediatsiyaga oid yangi tushunchalarni olib kirish bilan birga jamiyat hayotining yana bir sohasini huquqiy jihatdan tartibga solishiga qaratilganligidan nega koʻpchilik bexabar? Toʻgʻri, ayni paytda Oʻzbekiston nizolarni hal qilishning muqobil usuli, mediatsiyadan foydalanishning dastlabki bosqichlarini oʻtamoqda. Ammo qonunni hayotga tatbiq etish uchun yana qancha vaqt kerak?!
Mazkur yangi institutdan oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni hal qilishga qoʻllanilsa foydadan xoli boʻlmasdi.
Hozirgi kunda rivojlangan xorijiy davlatlar huquqiy tizimida nizoni sudgacha olib bormasdan, muqobil yoʻl bilan hal qilishga qaratilgan mediatsiya — yarashtiruv protsedurasi alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Xulosa shuki, baxtni baxtsizlikka aylantirmaslik har kimning oʻz qoʻlida. Bir-birimizdan mehr –shafqatni, yaxshilikni darigʻ tutmaylik. Ajralish soʻnggi bekat emas, shuni unutmang!
Sherzod MAMIROV,
jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy shahar sudi raisi.
Marusa HOSILOVA,
“Inson va qonun” muxbiri