«Ajr» hamda «Munojot» kitoblari taqdimoti o‘tkazildi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira va publitsist Gulchehra Shahobiddin qizining 60 yoshi munosabati bilan chop etilgan «Ajr» nomli hamda Qozog‘istonda o‘zbek-qozoq tillarida nashr etilgan «Munojot» kitoblari taqdimoti va «Gullashga ulgurdim» nomli adabiy-badiiy kecha bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, taniqli adabiyotshunos olim Adhambek Alimbekov va boshqalar Gulchehra Shahobiddin qizi milliy adabiyotimizga, she’riyatimizga o‘zining samimiy, jo‘shqin, ham iztirobli, jaydari, xalqona satrlari bilan kirib kelganini ta’kidladi.
Gulchehra Shahobiddin qizi Jizzax shahrida tug‘ilib voyaga yetgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi. Xalq ta’limi a’lochisi. Respublika «Ma’rifat» targ‘ibotchilari jamiyati a’zosi. «Ma’naviyat fidoyisi» ko‘krak nishoni sohibasidir.
Uning «Odobnoma» darsligi, o‘ttizdan ortiq metodik qo‘llanmasi, yuzdan ziyod uslubiy tavsiya va maqolalari nashrdan chiqqan.
Shoira, adiba va publitsist Gulchehra Shahobiddin qizi «Sog‘inch», «Yangi oy chiqqan kecha», «Dilda darding bo‘lmasa», «Qaldirg‘ochim», «Jon ichra jondir Vatan», «Sadarayhon ifori», «Onajon, kechir», «Baxt xumori», «Sizni sog‘indim», «So‘z zarbi» kabi o‘ndan ziyod she’riy to‘plamlar muallifidir.
[gallery-17077]
Hozirda shoira «Sultonlarga beshikcan, Jizzax», «Qurbonjon Dodxoh» dostonlari, «Bayramlar yarashar O‘zbekistonga» nomli metodik qo‘llanma ustida ish olib bormoqda.
Ma’rifiy tadbirda Gulchehra Shahobiddin qizining ijodi, serqirra faoliyati, yangi kitoblari xususida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA