Ajdodlar kashfiyotida innovatsion gʻoyalar
Madaniy meros departamentining Buxoro viloyati boshqarmasi milliy roʻyxatida jami 829 ta obyekt boʻlib, shulardan 287 tasi arxeologiya obyektlari hisoblanadi.
Madaniy meros departamentining Buxoro viloyati boshqarmasi milliy roʻyxatida jami 829 ta obyekt boʻlib, shulardan 287 tasi arxeologiya obyektlari hisoblanadi.
Arxeologiya obyektlarda OʻzR FA Milliy arxeologiya markazi, Samarqand filiali hamda Rossiya, Amerika, Fransiya va Italiya davlatlarining yetakchi arxeologlari va Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi xodimlari hamkorligida mavsumiy arxeologik ilmiy tadqiqot ishlari ham olib boriladi. Izlanishlar jarayonida 2013-yil Samarqand arxeologiya instituti hamda Fransiyaning Luvr muzeyi arxeologlari, viloyatning Qorakoʻl tumanidagi Poykent shaharchasida olib borgan tadqiqotlari paytida IX-X asrlarga oid juda noyob buyumni topildi. Bu topilma ajdodlarimiz tomonidan yuksak mahorat bilan yaratilgan yigʻma qoshiq va sanchqi koʻrinishidagi durdona sanʼat asaridir. Aniqrogʻi, oʻz zamonasining buyuk kashfiyotlaridan biri hisoblanadi.
Ajdodlarimiz oʻzining zamonasida mana shunday innovatsiyalar asosida koʻplab buyumlarni kashf etgani birgina mana shu oddiy qoshiq va sanchqida ham koʻrish mumkin. Qoshiq tomoniga oʻziga xos uslubda qush tasviri va atrofi boʻylab zanjirsimon bezak, tutqichi esa oʻsimliksimon naqshlar bilan bezatilgan, sanchqi tarafi ikki tishli qilib yasalgan. Yigʻma holatda 6,2 x 3,9 sm boʻlsa, ochilgan holatda 16 sm ni tashkil etadi. Bunday buyumlar shunchaki yaratilmagan, ishlatilgan bezaklarning har birining oʻz maʼnosi borligi kishini mulohazaga undaydi. Shunday ekan, noyob topilmani asrab avaylash, ilmiy tadqiq qilish darkor. Qolaversa, kelajak avlodga asl holicha yetkazish maqsadida, rivojlangan davlatlar muzeylarining “Restavratsiya va Konservatsiya” laboratoriyalarining tajribalariga tayangan holda zamonaviy taʼmirlashda qoʻllaniladigan, polimer va reaktivlardan oʻz oʻrnida foydalangan holda tozalash va konservatsiya ishlari olib borildi. Albatta buyumning ustki qismi qattiq korroziya bilan qoplangani, uzoq vaqt tuproq ostida yotgani sabab, metallning asl xususiyati oʻzgarganligini inobatga olib, taʼmirlashda koʻzda tutilgan barcha qoidalarga rioya qilindi.
2014-yil tozalash va konservatsiya ishlari muvafaqqiyatli yakunlanib muzey fondiga topshirildi. Bu eksponat hozirgi kunda Buxoro davlat muzey qoʻriqxonasi Tarix boʻlimi Arxeologiya koʻrgazmasi zalida namoyish qilinmoqda. Shuni aytish joizki, hali Buxoro zaminida bunga oʻxshash yaʼni hozirgi til bilan aytadigan boʻlsak innovatsion gʻoyalar asosida yaratilgan buyumlar, bebaho yodgorliklar anchagina. Bularni asrab avaylash, ilmiy tadqiq qilish, madaniy meros xodimlari va arxeologlarning ulkan maqsadlaridan biri hisoblanadi.