“AIBA“ va ”WBA” rahbarlari kelishib oldi
Milliy olimpiya qoʻmitasining xabariga koʻra, “WBA“ va ”AIBA” rivojlanish, musobaqa va etika yoʻnalishlarida hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda.
Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi (AIBA) prezidenti Muhammad Mustahasan va Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) rahbari Jilberto Mendosa oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va bokschilar mahoratini oshirish borasida kelishuvga erishdi.
Milliy olimpiya qoʻmitasining xabariga koʻra, “WBA“ va ”AIBA” rivojlanish, musobaqa va etika yoʻnalishlarida hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda. Muhammad Mustahasan Butunjahon boks assotsiatsiyasining 99-marosimiga rasmiy mehmon sifatida taklif qilingan. Mazkur tadbirda ikki tomonlama hamkorlik aloqalari muhokama qilinishi kutilmoqda.
– 2015-yildan beri tashkilotlarimiz orasida koʻplab muhokamalar boʻlib oʻtdi. Ayni vaqtda sport va bizning atletlar uchun buyuk gʻoyalar yaratish payti keldi. Biz bokschilarimizning bu hamkorlikdan oʻsishlariga amin boʻlishimiz kerak, – deydi AIBA prezidenti.
Oʻz navbatida WBA rahbari boks mavqeini yana-da koʻtarish uchun birgalikda katta mehnat qilinishi lozimligini qoʻshimcha qilib oʻtdi.