Aholini ro‘yxatga olish nima uchun kerak?
Ma’lumki, yurtimizda aholini ro‘yxatga olish yuzasidan keng qamrovli ishlar boshlab yuborildi. Yurtimizda oxirgi marta aholini ro‘yxatga olish jarayoni bundan 32 yil avval bo‘lib o‘tgani bu masalaning hozirda qanday ahamiyat kasb etishini ko‘rsatib beradi.
Ko‘pgina mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish tadbiri kamida har o‘n yilda bir marotaba tashkillashtirilishi an’anaga aylangan. Chunki bu kelgusi dekadalarda mamlakat taraqqiyotini belgilab beruvchi strategik qarorlarni qabul qilish uchun asos bo‘la oladigan ishonchli ma’lumotlar bilan ta’minlanish imkonini beradi.
Aholini ro‘yxatga olish nafaqat aholi soni va demografiyasi, balki oilaviy ahvoli, yashash sharoiti, bandligi, jinsi, yosh darajalari, fuqaroligi, hududlarda aholi zichlik darajasi va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari haqida ishonchli ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Bu, o‘z navbatida, hududlarni rivojlantirish va jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga yordam ko‘rsatish, bo‘sh ish o‘rinlarini tashkil etishga ham yordam beradi. Bundan tashqari, hududlarning xaritalaridagi mavjud xatoliklarga yechim topish bo‘yicha aniq takliflar berish imkonini vujudga keltiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq aholini ro‘yxatga olish 2023 yida o‘tkazilishi belgilandi.
Toshkent shahar statistika boshqarmasi xxborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur qarorga asosan, 2021 yil 1-25-noyabr kunlari 4 ta hududda: Andijon viloyatining Xo‘jaobod, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri va Toshkent shahrining Yashnobod tumanlarida o‘tkazildi. Har bir hisob uchastkasidagi uy-joy manzillarining 10 foizi tanlanma ravishda nazorat kuzatuvi asosida qayta o‘rganildi.
Sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olishning yakunlari bo‘yicha ro‘yxatga olish dasturi, ro‘yxatga olish hujjatlari shakllari, ro‘yxatga olishni o‘tkazish usullari, ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlari hamda foydalaniladigan axborot texnologiyalari sinovi natijalari tahlil qilindi.
2022 yil 1 iyunga qadar 2023 yilda aholini ro‘yxatga olish dasturi, metodik qo‘llanmalar va normativ hujjatlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi hamda ma’lumotlarni qayta ishlash usullari va aholini ro‘yxatga olish yakunlarini shakllantirish zarurati yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.
Ayni paytda sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olishning birlamchi ma’lumotlarini kiritish uchun 4ta xudud boshqarmalari huzurida Birlamchi ma’lumotlarni elektron bazaga kiritish markazlari tashkil etildi. Mazkur markazda faoliyat yuritish uchun Toshkent shahrida 40 nafar xodim jalb etilib, ular 2022 yil 1 yanvardan 1 aprelgacha ish faoliyatini davom ettiradi.
Bir so‘z bilan aytganda, aholini ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik sifatida qator sa’y-harakatlar, joylarda targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borilmoqda. Bu boradagi chora-tadbirlar mamlakatimiz ertasi, ravnaqi uchun muhim o‘rin tutadi.
M.Komilova, O‘zA