Aholini jismoniy faollikka chorlaymiz
Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan 9 mart kuni yurtimizda "Yurish kuni” deb eʼlon qilingan
Mamlakatimizda aholi oʻrtasida yuqumli boʻlmagan kasalliklarni erta aniqlash, sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, jismoniy faolligini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar koʻlamini kengaytirish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan 9 mart kunini "Yurish kuni” deb eʼlon qilingandi.
Maʼlumki, yuqumli boʻlmagan kasalliklarni keltirib chiqaruvchi omillarga notoʻgʻri ovqatlanish, jismoniy faollikning pasayishi, tamaki va alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilish sabab boʻladi. Shu bois mamlakatimizda aholi orasida yuqumli boʻlmagan kasalliklarni erta aniqlash, sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar koʻlamini yanada kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan 2018 yilning 20 sentyabr kuni mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida boʻlib oʻtgan jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda korxonalar, taʼlim muassasalari, istirohat bogʻlarida ommaviy badantarbiya va gimnastika mashgʻulotlarini oʻtkazish eʼtibordan chetda qolayotganini eʼtibor qaratilib, bunday mashqlarning inson salomatligi uchun foydaliligini targʻib qilish maqsadida muhim vazifalar belgilab berilgan edi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari 2018 yil 18 dekabrida “Yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni qabul qildi. Mazkur qaror yuzasidan 2019 – 2022 yillarda yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish konsepsiyasi hamda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Unga koʻra, aholi orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan bir qatorda barcha hamkor tashkilotlar masʼul sifatida biriktirildi.

Shu munosabat bilan sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan poytaxtimizda “Yurish kuni” oʻtkazildi. Shu kuni barcha darajadagi tibbiyot muassasalarida, shahar va tumanlarning markaziy xiyobonlari, mahalla guzarlarida ommaviy yurish tadbirlari oʻtkazildi. Unda tibbiy xodimlar bilan birgalikda, qator idora va tashkilotlar vakillari, turli yoshdagi aholi ommaviy yurishga jalb qilindi. Ommaviy tadbir oʻtkazish joylarida, mahallalarda yurishning inson organizmiga ijobiy taʼsiri toʻgʻrisida mutaxassislarning suhbatlari tashkil etildi.
Mutaxassislar fikriga koʻra, oddiy yurish (haftasiga kamida 8 kilometr yurganda) yurak qon-tomir kasalliklari xavfini 31 foizga va oʻlim xavfini 32 foizga qisqartiradi. Yurish koʻkrak bezi saratoni va ikki turdagi qandli diabet kasalligiga chalinishni kamaytiradi. Bundan tashqari, suyak va mushaklarni mustahkamlaydi, arterial bosimni, qonda xolesterin miqdorini tushishiga sabab boʻladi, uyquni yaxshilaydi.
Har bir qadam energiya sarflanishi, gormonlar ishlab chiqilishi, mushaklardagi qon taʼminotining yaxshilanishi evaziga ularning kislorod bilan boyishi kuchayadi, natijada umumiy holat yaxshilanadi. Yurganda har daqiqada 5 kaloriya yoʻqotiladi (oʻtirganda 1 kaloriya). Ogʻirlik qancha koʻp boʻlsa, energiya shuncha koʻp sarflanadi. Misol uchun, 72 kilogramm ogʻirlikdagi inson 1,5 kilometr yurganda 105 kaloriya, 100 kilogramm ogʻirlikdagi katta yoshdagi odam 135 kaloriya yoʻqotadi va sogʻligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.






