Aholini ish bilan ta’minlash muhim vazifa
Yurtimizda aholi bandligini ta’minlash orqali ularning turmush darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda aholi bandligi va daromadlarini oshirishga har tomonlama ko‘maklashish, ishsizlar, ayniqsa, yoshlar hamda xotin-qizlar, mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan bitiruvchilar bandligini ta’minlash muhimdir. Buning uchun har bir hududda belgilangan tartibda “Bo‘sh ish o‘rinlari” mehnat yarmarkalari tashkil etilmoqda.
Navoiy shahrida “Ishga marhamat” monomarkazida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi hamda Navoiy shahar prokuraturasi hamkorligida tashkil etilgan navbatdagi mehnat yarmarkasi bunga misoldir. Unda shahardagi 40 ta korxona va tashkilotlar, jumladan, 11 ta byudjet tashkilotlari, 29 ta xususiy korxonalar o‘zlaridagi mavjud 850 ga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.

– Mehnat yarmarkasida Navoiy shahridagi mahallalardan 200 nafardan ziyod yoshlar va xotin-qizlar qatnashdi, – deydi Navoiy shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i Jasur Otamurodov. – Ularning 40 nafari oliy ma’lumotli, 65 nafari o‘rta maxsus hamda 95 nafari o‘rta ma’lumotga ega fuqarolardir. Qariyb uch soat davom etgan mehnat yarmarkasida 105 nafar fuqaroga xizmat ko‘rsatildi. Jumladan, 55 nafar fuqaroga shahardagi tashkilot va korxonalarga doimiy ishga joylashish uchun, 30 nafar fuqaroga “Ishga marhamat” monomarkaziga kasb-hunarga o‘qishga yo‘llanmalar berildi. 20 nafar fuqaro may oyida boshlanadigan vaqtinchalik jamoat ishlariga jalb etiladigan bo‘ldi.
Albatta, mehnat yarmarkasiga tashrif buyurganlar o‘zlariga mos ishni istab keladi. Unda kimdir orzusidagi ishni topsa, kimgadir taklif etilayotgan vazifaning maoshi qanoatlantirmaydi.

– Mahallaga ish so‘rab borganimda yaqinda monomarkazda “Bo‘sh ish o‘rinlari” mehnat yarmarkasi tashkil etilayotganini aytishgan edi, – deydi Muhabbat Zayniddinova. – Bugun bu yerga kelib tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishdim. Menga Navoiy olimpiya zaxiralari kolleji tomonidan taqdim etilgan ish ma’qul keldi. Bu yerga ishga joylashishim uchun shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi tomonidan yo‘llanma berildi. Endi men ham o‘zim istagan ishda mehnat faoliyatimni olib borishim mumkin.
“Baht textile” MCHJ Navoiy shahridagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yirik korxonalardan biri sanaladi. Mazkur mehnat yarmarkasida korxona 100 dan ziyod bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
– Korxonamiz 2006 yildan buyon faoliyat olib boradi, – deydi xodimlar bo‘limi boshlig‘i Gulnoza Abdullayeva – Hozirda 2,5 ming nafardan ziyod ishchi-xodim mehnat qiladi. Yaqinda yangi uskunalar olib kelindi. Joriy yilning iyun-iyul oylarida yangi sexni ishga tushirmoqchimiz. Shuning uchun bugungi yarmarka doirasida xotin-qizlar va yoshlarga yangi ish o‘rinlarini taklif qilyapmiz. Dastlab ular korxonamiz tomonidan ikki oy davomida kasbga o‘qitiladi. O‘qitish jarayonida ularga belgilangan ish haqi to‘liq to‘lab beriladi. Ishchilarimiz uchun barcha qulayliklar mavjud. Ishga kelib ketish uchun maxsus transport vositasi ajratilgan. Uch mahal issiq ovqat beriladi.

Darvoqe, bugungi kunning asosiy vazifalaridan biri aksariyat xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitishdir. Ayni paytda viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tomonidan ular bepul kasb-hunarga o‘qitilmoqda.
– Markazimizda ayollarimizni tadbirkorlikka qiziqtirish hamda ularning bandligini ta’minlash maqsadida o‘quv kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, – deydi Navoiy viloyati Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari Gulsanam Norova. – bugungi mehnat yarmarkasida vaqtincha ishsiz bo‘lgan xotin-qizlarimiz ham ishtirok etdi. Ish so‘rab kelgan 30 nafar xotin-qizlarga 1 oylik bepul turli kasb-hunar kurslarini taklif etdik. Endi ularni bir oy davomida o‘zlari istagan kasb-hunarga o‘qitamiz va ishga joylashishlariga ko‘maklashamiz.
2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida 2026 yilga borib yurtimizda kambag‘allik darajasi 2 baravarga qisqartirilishi ko‘zda tutilgan. Aholi turmush darajasini yaxshilash uchun esa munosib mehnat sharoitini yaratgan holda ularning bandligini ta’minlash muhimdir.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA