Aholini ish bilan ta’minlash eng muhim vazifa
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva Navoiy viloyatida bo‘lib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush farovonligini oshirish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, “mahalla yettiligi” hamda mahalliy Kengashlar faoliyati bilan tanishmoqda.
Jumladan, Navbahor tumanidagi Qorovultepa mahallasidagi mehnat guzari faoliyati, aholining yashash sharoiti bilan tanishdi. “Mahalla yettiligi” vakillari, nuroniylar va xotin-qizlar bilan suhbatlashdi. Uchrashuvda Senat raisi aholi bandligini ta’minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarning reintegratsiyasini samarali tashkil etish, xotin-qizlar bilan ishlash yuzasidan bir qator tavsiyalar berdi.



Viloyat Ma’naviyat va ma’rifat markazida Xalq deputatlari Navoiy shahar, Karmana va Navbahor tumanlari Kengashlari deputatlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mahalliy Kengashlar faoliyati muhokama qilindi. Unda deputatlik nazorati institutidan samarali foydalanish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi ustidan ta’sirchan deputatlik nazoratini o‘rnatish, chora-tadbirlar va loyihalarni manzilli o‘rganish hamda nazoratni amalga oshirish zarurligi qayd etildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri