Aholini dori vositalari bilan ta’minlash ko‘lami kengaymoqda
Farmatsevtika sohasi aholi salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarning oldini olish va samarali davolashni ta’minlashda hal qiluvchi o‘rin tutadi. Aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan uzluksiz ta’minlash sog‘liqni saqlash tizimining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, aholini zarur dori-darmon vositalari bilan qamrab olish, ayniqsa chekka hududlarda xizmatlar sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
2026-yil 1-mart holatiga O‘zbekiston farmatsevtika bozorida dori vositalarini ulgurji realizatsiya qilish huquqiga ega 455 ta tashkilot faoliyat yuritmoqda. Ular orasida "Dori-darmon" aksiyadorlik kompaniyasi mamlakatdagi yirik ta’minotchilardan biri sifatida o‘z o‘rniga ega. Kompaniya tizimida bugungi kunda 1300 dan ortiq ijtimoiy dorixona va dorixona shoxobchalari faoliyat yuritib, ularning 1143 tasi yoki 87,6 foizi qishloq hududlarida joylashgani aholiga tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, barcha dorixonalar Zarur dorixona amaliyoti — GPP talablariga to‘liq javob beradi.
Bu haqda poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida "Dori-darmon" aksiyadorlik kompaniyasining 2025-yil faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida so‘z yuritildi. Shuningdek, kompaniya faoliyati, erishilgan natijalar va istiqboldagi vazifalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, kompaniya sog‘liqni saqlash tizimidagi muhim ta’minotchilardan biri sifatida 2025-yil davomida turli toifadagi davolash-profilaktika muassasalariga katta hajmda dori vositalari yetkazib bergan. Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi muassasalarga 128,1 mlrd. so‘mlik, boshqa tibbiyot muassasalariga 47,8 mlrd. so‘mlik, xususiy sektorga 20,5 mlrd. so‘mlik, harbiy tibbiyot muassasalariga 1,0 mlrd. so‘mlik hamda ichki tizim bo‘yicha 107,3 mlrd. so‘mlik mahsulotlar yetkazilgan. Shuningdek, qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarga 94,4 mlrd. so‘mlik dori vositalari va tibbiyot buyumlari taqdim etilgan.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli dori ta’minoti ham izchil davom ettirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 22-iyuldagi tegishli qaroriga muvofiq 14 toifadagi shaxslarga 2025-yil davomida 396 121 ta retsept asosida 37 mlrd. 202 mln. so‘mlik dori vositalari va tibbiyot buyumlari bepul berilgan.
Sog‘liqni saqlash tizimida zamonaviy mexanizmlarni joriy etish doirasida reimbursatsiya dasturi ham bosqichma-bosqich kengaymoqda. Bugungi kunda kompaniya tizimidagi 474 ta dorixona va dorixona shoxobchasida mazkur dastur amal qilmoqda. Jumladan, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Xorazm, Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida joylashgan dorixonalarda elektron retsept asosida dori vositalarini olish imkoniyati yaratilgan. Sirdaryo viloyatidagi 47 ta va Toshkent shahridagi 44 ta dorixona ham ushbu tizimga ulangan. 2025-yil davomida mazkur dastur orqali 35 mlrd. 950 mln. so‘mlik dori vositalari bemorlarga bepul taqdim etilgani qayd etildi.
[gallery-28467]
Shu bilan birga, davlat-xususiy sheriklik asosida yangi dorixonalar tashkil etish ishlari ham izchil davom ettirilmoqda. 2025-yilda aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan ta’minlash maqsadida poliklinika tipidagi tibbiyot muassasalarida “Ijtimoiy dorixona”larni tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Joriy yil 24-mart holatiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2 ta, Namangan va Xorazm viloyatlarida 15 tadan, Navoiyda 4 ta, Surxondaryoda 3 ta, Toshkent viloyatida 4 ta, Buxoroda 2 ta, Qashqadaryoda 1 ta hamda Toshkent shahrida 4 ta, jami 50 ta yangi dorixona va dorixona shoxobchalari ishga tushirilgan.
Kompaniya tomonidan aholiga taqdim etilayotgan dori vositalari assortimenti ham kengayib bormoqda. Ayni paytda ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarni davolashda qo‘llaniladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxatiga jami 134 ta nom, jumladan 128 ta dori vositasi va 6 ta tibbiy buyum kiritilgan.
Anjumanda raqamlashtirish jarayonlariga ham alohida e’tibor qaratilayotgani aytildi. Ta’kidlanishicha, kompaniya dorixonalarida “M-Apteka plyus” dasturi joriy etilgan bo‘lib, u dori vositalarining harakatini nazorat qilish, narx-navo shaffofligini ta’minlash va inson omilini kamaytirish imkonini bermoqda. Shuningdek, dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimi joriy etilib, har bir mahsulotning ishlab chiqaruvchidan iste’molchigacha bo‘lgan yo‘lini kuzatish imkoniyati yaratilgan.
Kompaniya mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirib bormoqda. Xususan, 2025-yilda mahalliy ishlab chiqaruvchilar va distribyutorlardan 69 mlrd. so‘mlik, xorijiy ta’minotchilardan esa 22,3 mlrd. so‘mlik farmatsevtika mahsulotlari xarid qilingan.
Hisobot davrida kompaniyaning umumiy tovar aylanmasi 557,4 mlrd. so‘mni tashkil etgan bo‘lib, shundan 307,9 mlrd. so‘m ulgurji, 249,5 mlrd. so‘m chakana savdo hissasiga to‘g‘ri keladi.
Aholi murojaatlari bilan ishlash masalasi ham doimiy e’tiborda. 2025-yil davomida kompaniyaga jami 7462 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning asosiy qismi dori vositalarini topish, xarid qilishda ko‘maklashish, xayriya asosida dori ajratish hamda yangi dorixonalar tashkil etish masalalariga oid bo‘lgan. Barcha murojaatlar amaldagi qonunchilik talablari asosida ko‘rib chiqilgan.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, 2026-yilda ham kompaniya oldida aholini sifatli dori vositalari bilan ta’minlashni yanada yaxshilash, reimbursatsiya dasturini kengaytirish, davlat-xususiy sheriklik asosida yangi dorixonalar ochish, raqamli tizimlarni takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish kabi muhim vazifalar turibdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA