Aholi salomatligi yo‘lidagi xayrli ishlar
So‘nggi yillarda mamlakatimizda “Tibbiyotdagi islohotlar inson qadri uchun” tamoyili asosida aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan xayrli ishlar qamrovi kengayib bormoqda.
Namangan viloyatida tibbiy xizmat sifati yaxshilanish asnosida, oldinlari Toshkentda va viloyat markazida amalga oshirilayotgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari endilikda chekka va olis hududlarda ham joriy etish imkoniyati oshmoqda.

Yangi yilning dastlabki kunlari To‘raqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasi tarixida alohida sana sifatida yodda qoladigan bo‘ldi. Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filiali jarrohlik bo‘limi rahbari, tibbiyot fanlari nomzodi Ravshanbek Temirov laparoskopik xoletsistetomiya amaliyotni mahalliy shifokorlarga “Mahorat darsi” sifatida ko‘rsatib berdi. Buning natijasida jarrohlik stoliga yotgan bemor ayol M.S. ning salomatligi ham ancha yaxshilandi.

– Joriy 2024 yil davomida xalqimiz sog‘ligini mustahkamlashning yangi imkoniyatlarini faoliyatimizga izchil qo‘llashni yanada kengaytirishni o‘z oldimizga maqsad qilganmiz, – deydi To‘raqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i A’zamjon Botirov. – Kelgusida respublika va viloyat miqyosida amalga oshirilayotgan yana ko‘plab jarrohlik amaliyotlarini tumanimiz miqyosida ham joriy etish borasida dastur ishlab chiqdik.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.