Aholi salomatligi – eng muhim vazifa
Sirdaryo viloyati Guliston tumanida Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining malakali hamda viloyat tibbiyot muassasalarining yetakchi mutaxassislari hamkorligida 2 hafta davomida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Sirdaryo viloyati Guliston tumanida Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining malakali hamda viloyat tibbiyot muassasalarining yetakchi mutaxassislari hamkorligida 2 hafta davomida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Prezidentimiz joriy yil Sirdaryoga tashrifi davomida Sog‘liqni saqlash vazirligiga viloyat aholisini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish borasida topshiriq bergan edi.
“Bor mehrimiz shu xalq va Vatan uchun!” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik – 18 turdagi tor soha mutaxassislaridan tashkil topgan terapevt, pediatr, jarroh, akusher-ginekolog, travmatolog, pulmonolog, allergolog, nevropatolog, neyroxirurg, gastroenterolog, dermatolog, urolog, onkolog, endokrinolog, ofatlmolog, kardiolog, infeksionist va UTT shifokorlari guruhi tomonidan amalga oshirildi.
Tuman tibbiyot birlashmasi mutasaddilari tomonidan ko‘p tarmoqli markaziy va qishloq oilaviy poliklinikalari hamda qishloq vrachlik punktlarida aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilganini ham alohida ta’kidlash joiz.
Aholini kam ta’minlangan, ehtiyojmand qatlamiga mansub nogironlar, o‘zgalar qaroviga muhtoj yakka-yolg‘iz qariyalar, yotib qolgan hamda dispanser nazoratida turgan fuqarolarning ro‘yxati to‘liq shakllantirilib, tumandagi 35-40 yoshdan yuqori bo‘lgan 20 ming 92 nafar fuqarolar orasida skrining so‘rovnomasi o‘tkazildi.
Ko‘rik davomida, zamonaviy innovatsion texnologiya namunasi hisoblanmish “glyukomer” bilan aholi qonidagi qand miqdori aniqlandi va ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan fuqarolarga zarur ko‘rsatma, maslahat va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, yurak qon tomiri, qandli diabet, o‘sma va onkologik, urologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha aholi o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazilib, natijasi ularning ambulatoriya kartalariga qayd etib qo‘yildi.
– Tumanimizda 74 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi, – deydi Guliston tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Alisher Erkaboev. – Aholi sog‘lig‘ini saqlash yo‘lida 78 nafar shifokor, 780 nafar hamshira va 450 nafardan ortiq kichik tibbiyot xodimlari mehnat qilmoqda. Hududda 1 ta tuman markaziy shifoxonasi, 1 ta yuqumli kasalliklar bo‘limi, 1 ta tug‘ruq kompleksi, 4 ta qishloq oilaviy poliklinikasi, 4 ta qishloq vrachlik punkti hamda 1 ta ko‘ptarmoqli poliklinika faoliyat yuritadi.
Ushbu jarayonda tuman aholisining 93 foizi yoki 73 ming 476 dan ortig‘i chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, respublika va viloyat darajasidagi mutaxassislardan zarur va ishonchli ko‘rsatma, tavsiya maslahatlarni olishdi. Ko‘rikdan o‘tkazilgan bemorlarning 40 nafariga Toshkent shahridagi respublika shifoxonalariga, 88 nafariga mahalliy shifoxonalarga davolanishlari uchun yo‘llanmalar berilgan bo‘lsa, 10 ming 888 nafar bemorga qabul joyining o‘zida aniq tashxis qo‘yilib, zarur muolajalar qilindi.
– Ushbu jarayonlarga jihoz va dori darmonlari o‘zida mavjud bo‘lgan mobil transport vositasi – 2 ta oftalmologik maxsus tibbiy avtomashina shifokorlardan tashkil topgan maxsus brigadasi bilan yotib qolgan bemorlarning ham uylariga borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, – deydi Guliston tumani tibbiyot birlashmasi aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish bo‘lim mudiri Sanobar Mahmudova. – “Bor mehrimiz shu xalq va Vatan uchun!” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik davomida aholi orasida sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Sog‘lom ovqatlanish”, “Biz giyohvandlik va chekishga qarshimiz!” ko‘rgazmalari, “Salomatlik maydonchasi” viktorinasi, “Sport – sog‘lom hayot kechirishning asosi” shiori ostida sport musobaqalari ham tashkil etildi. Viktorina hamda sport musobaqalari g‘olib, sovrindor va turli nominatsiyalar sohiblari munosib taqdirlandi.
Bundan tashqari, o‘tkazilgan tadbirlar jarayonida aholiga 10 mingdan ortiq respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nashr etilgan sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi maxsus buklet va eslatmalar ham tarqatildi.