Aholi murojaatlariga o‘z vaqtida yechim topilmoqda
bugungi kunda barcha sohalarda aholi murojaatlari yechimiga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali hamda uning shahar, tumangaz gaz ta’minoti idoralarida ham nazorat va murojaatlar bilan ishlash bo‘limlari tashkil etilgan. Bunda aholidan gaz ta’minoti sohasiga oid qabul qilingan murojaatlar o‘rganilib, tegishliligi bo‘yicha mas’ul xodimlarga yo‘naltiriladi. Shunga ko‘ra, belgilangan muddat ichida murojaatchining masalasini yechish, unga amaliy ko‘mak ko‘rsatish yoki huquqiy tushuncha berish ishlari amalga oshiriladi.
- Joriy yilning 1-choragi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filialiga jami 509 ta murojaat yo‘llangan, - deydi “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali nazorat va murojaatlar bilan ishlash bo‘limi yetakchi mutaxassisi Mavjuda Ahmedova. - Ushbu murojaatlarning 290 tasini tabiiy gaz bosimi pastligi va gaz ta’minotidagi uzilishlar bilan bog‘liq masalalar tashkil etadi. Shuningdek, 90 ta murojaatda suyultirilgan gaz yetkazilishi, 39 ta murojaatda esa elektron gaz hisoblash uskunalari bilan bog‘liq holatlar bayon etilgan. Murojaatlarning 486 tasi ko‘rib chiqilib, 457 tasi ijobiy hal etildi, 29 ta yechimtalab masala bo‘yicha fuqarolarga tushuntirish berilgan, yana qolgan 23 ta murojaat esa ko‘rib chiqilmoqda.

Jumladan, joriy yilning mart oyida Uchquduq tumanida yashovchi fuqaro Yo.Oqbo‘tayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ishonch telefoni”ga murojaat qilib, suyultirilgan gaz yetkazib berilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan. Murojaat “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali tomonidan o‘rganilib, fuqaroga suyultirilgan gaz yetkazib berilishi ta’minlandi.

Shuningdek, Qiziltepa tumani “Malikrabot” mahallasida istiqomat qiluvchi M. Egamova xonadoniga o‘rnatilgan elektron gaz hisoblash uskunasidagi nosozlik yuzasidan “Hududgazta’minot” AJga murojaat qilgan. Ushbu murojaat tizim xodimlari tomonidan o‘rganilib, qisqa fursatda uskunadagi nosozlik bartaraf etildi.
Albatta, murojaatlarning o‘z vaqtida ijobiy yechim topishi yurtimizda inson qadri, uning farovon turmush tarzini yanada oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA