Aholi muammolarini hal etish – eng muhim vazifa
Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4-sektor rahbarining navbatdagi sayyor qabuli G‘allaorol tumanining eng chekka va olis Qo‘ytosh shaharchasida bo‘lib o‘tdi.
Xalq orasiga kirib borish, ular bilan muloqotda bo‘lish, dardu tashvishini tinglash, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan ishni mahallabay tizimida tashkil etib, sayyor qabul, uchrashuv va muloqotlar chog‘ida fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan murojaatlarni imkon qadar joyida hal etish bugungi har bir katta-kichik rahbarning zimmasidagi eng muhim vazifadir.
Jizzax shahridan 70, G‘allaorol tumani markazidan 35 kilometr olisda joylashgan ushbu shaharchada qariyb 7 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Qo‘ytosh shaharchasi konchilik negizida bunyod etilgan bo‘lib, sobiq ittifoq davrida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Moskvaga volfram yetkazib beruvchi yetakchi hudud bo‘lgan.
Sobiq kompartiya gegemonligidagi tizimning so‘nggi yillarini o‘tkazayotgan vaqtga kelib, ushbu ittifoq boshqaruvi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri tasarrufida bo‘lgan qimatbaho konlardan biri yopilgan. Shundan so‘ng, shaharchadan fayz baraka ko‘tarilib, ko‘rki qashshoqlashdi, ishsizlar soni keskin ortdi. Bu yerdagi ijtimoiy, madaniy, maishiy, savdo va boshqa xizmat ko‘rsatish shoxobchalari o‘z fayzini yo‘qotib, bu o‘z navbatida, shaharcha aholisining iqtisodiy turmush tarziga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatdi.

Lekin, mustaqillik yillariga kelib, jumladan, 2018-2019 yillarda shaharchada “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Hududdagi madaniyat saroyi, kasalxona, bolalar bog‘chasi, umumta’lim maktabi va boshqa ijtimoiy ob’ektlar qaytadan ta’mirlandi. Markaziy ko‘chalarga asfalt yotqizilib, aholi toza ichimlik suv bilan ta’minlandi.
Kuni kecha viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari Bekzod Toshpo‘latov ushbu shaharcha aholisi bilan bevosita muloqot o‘tkazish, ularning muammolarini hal etishda ko‘maklashish maqsadida sayyor qabul o‘tkazdi.
Sektor rahbari shaharchadagi Qo‘ytosh qishloq uchastka shifoxonasi, 60-sonli umumta’lim va maktabgacha ta’lim muassasalarida bo‘lib, u yerdagi vaziyat, yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Ushbu shifoxona yaqin atrofdagi qishloqlar bilan birga jami 10 mingdan ortiq aholining salomatligi uchun mas’ul hisoblanadi. Biroq, 1 dona “Damas” rusumli “Tez yordam” mashinasi har doim ham chaqiriqlarga o‘z vaqtida yetib bormaydi. Bu esa bemorlarga ko‘p holatlarda o‘z vaqtida birinchi yordam ko‘rsatish imkonini bermaydi. Shuningdek, ayrim tibbiy uskunalar yo‘qligi uchun bemorlar tuman yoki viloyat markaziga borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tishga majbur bo‘lmoqda.
Sektor rahbari kelgusi haftaga qadar aholini malakali mutaxassislar ishtirokida to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.
Shundan so‘ng, shaharcha hududidagi “Madaniyat markazi” da hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faollari bilan uchrashib, aholining muammolarini bartaraf etish, ajratilayotgan kredit va subsidiyalar, ta’lim kreditlari berilishi borasida suhbatlashdi.
Sayyor qabul davomida fuqarolardan elektr ta’minoti, tabiiy gazga ulanish, tibbiyot muassasasini jihozlash, tadbirkorlik faoliyatida duch kelinayotgan ayrim muammolar yuzasidan murojaatlar qabul qilindi.
Ommaviy qabulda ko‘rib chiqilgan masala va muammolar muhokama qilinib, ularning aksariyati qonunchilik talablari asosida hal etildi. Qolgan masalalar yechimi bo‘yicha tadbirlar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.
Shundan so‘ng, G‘allaorol tuman 4-sektori tomonidan 10 nafar kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, yotib qolgan, o‘zgalar yordamiga muhtoj yakka-yolg‘iz va nogiron keksalar holidan xabar olindi. Ularga saxovatpesha homiylar tomonidan birlamchi ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
“Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan 2 nafar oila bekalariga oilaviy biznesini yo‘lga qo‘yish uchun parrandachilikni rivojlantirish maqsadida subsidiya asosida inkubatorlar olib berildi.
– Prezidentimiz Jizzax viloyatiga tashrifi davomidagi viloyat faollari, nuroniylar, yoshlar va mutasaddi rahbarlar bilan muloqoti chog‘ida, inson omiliga alohida e’tibor qaratish, fuqarolar salomatligini muhofaza qilish, ularga barcha sharoitlarni va yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirishimiz lozim bo‘lgan aniq vazifalarni zimmamizga yukladilar, – deydi Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Toshpo‘latov. – Ana shu topshiriqlar ijrosini ta’minlash, ishni mahallabay tizimida tashkil etish sohamizning barcha xodimlari zimmasida turgan eng dolzarb vazifalardan biri deb tushingan holda ish yurityapmiz.
A.QAYUMOV, O‘zA