Aholi e’tirozi: o‘rindiqsiz avtobuslar
Bugun qay bir go‘shaga bormang, qisqa vaqt ichida sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni ko‘rib, ko‘z quvnaydi. Ko‘p qavatli imoratlar, ravon va tekis yo‘llar, zamonaviy turar joylar, bozorlar majmualariga boqib, yurtimizdagi tinchlik, osoyishtalikka shukrona keltiramiz.
Ayniqsa, avtomashina va avtobuslarni aytmaysizmi, istagan manzilingizga bir zumda yetib borasiz.
Mamlakatimizda avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyatini tartibga solish, shahar yo‘lovchilar transporti faoliyatining huquqiy asoslarini shakllantirish maqsadida 1997 yil 25 aprelda O‘zbekiston Respublikasining “Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida” gi qonuni qabul qilingan. Unga ko‘ra, barcha hududlarda shahar yo‘lovchilar transportining bir maromda ishlashini tashkil etish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va madaniyatini oshirish, yo‘lovchilarning hayoti va sog‘ligi, transport vositalari harakatining xavfsizligi, xullas, barcha-barchasi tartibga solingan.
bugungi kunda shahar va tumanlardagi aholi punktlariga qatnovchi avtobuslar aniq yo‘nalishlar orqali aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilganligi ayni muddao. Aholi bundan mamnun. Ham arzon, ham xavfsiz.
– Hozirda viloyat bo‘yicha 91 ta yo‘lovchi tashish yo‘nalishi mavjud bo‘lib, shundan 7 tasi yangi yo‘nalish, – deydi viloyat transport boshqarmasi matbuot kotibi Hamdam Ro‘ziyev. – Ochilgan yangi yo‘nalishlarga 6 dona “Isuzu” rusumli avtobuslar va 18 dona “Damas” rusumli transport vositasi joylashtirildi. “Shahar, shahar atrofi va shaharlararo-viloyat ichki yo‘nalishlarida yo‘lovchilar tashishni tashkil etish komissiyasi” tomonidan 2021 yilda 3 marta ochiq tender o‘tkazilib, 6 ta avtobus yo‘nalishi qayta tiklangan. Shuningdek, transport qatnovi yetib bormagan 69 ta mahalla o‘rganilib, 12 ta yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari tashkil etilgan va 6 ta avtobus va 72 ta “Damas” yo‘nalishlarga joylashtirilgan.
Yo‘nalishli avtobuslarda yo‘lovchilar tomonidan: “Aksariyat avtobuslarda yo‘lovchilar sonini oshirish maqsadida ayrim o‘rindiqlar olib qo‘yilganligi, qolaversa, nogiron va yosh bolali ayollar uchun maxsus yozuvli o‘rindiqlarning yo‘qligi” to‘g‘risida e’tirozlar bo‘lgan. “Ming marta eshitgandan ko‘ra, bir bora ko‘rgan ma’qul” aqidasiga amal qilgan holda yo‘nalishdagi avtobuslarni kuzatsangiz, e’tirozlar o‘rinli ekanligiga amin bo‘lasiz. Sholi kurmaksiz bo‘lmaganidek, ayrim avtobus haydovchilari belgilangan tartibda, zavodda o‘rnatilgan o‘rindiqlarni olib tashlagan.
Navoiy viloyati transport boshqarmasi avtomobillarda tashuvlar xavfsizligini nazorat qilish bo‘limi inspektorlari bilan shahardagi avtoshohbekatlarda aholiga xizmat ko‘rsatayotgan avtobuslar holatini ko‘zdan kechirdik. Ularning aksariyatida orqa o‘rindiqlar olib tashlangan. Jumladan, “Vosxod” bozori avtoturargohida 85 322 SAA raqamli “Konimex – Keskanterak – Beshrabot – Pedagogika kolleji”, “Malika” avtoshohbekatidan harakatlanuvchi 85 L 420 GA raqamli “Yangi bozor – Narpay orqali – Odil bobo – Paxtaobod – 8-maktab”, 85 L 425 EA raqamli “Navoiy – Nurota – Yangiturmush – Urganji”, 85 L 574 GA raqamli “Navoiy – Nurota – Yangiturmush”, 85 B 525 DA raqamli “Navoiy – Sultonobod” yo‘nalishida harakatlanayotgan avtobuslarda xuddi shunday holatni ko‘rish mumkin. Bu kabi holatlarga oydinlik kiritish maqsadida haydovchilar bilan suhbatlashmoqchi bo‘ldik. Ammo “Men yo‘lovchiman, shofyor bir piyola choy ichgani ketdi. Hozir kelib qolsa kerak”, degan gapni eshitdik. Hujjatlari, barcha-barchasi joyida bo‘lgan haydovchilar esa hamkasbini “sotishni” istamaydi. Aslida tegishli tizim vakillari bilan borganimizni ko‘rgan ayrim haydovchilar “quyonning rasmini chizgan” yoxud o‘zlarini yo‘lovchi qilib ko‘rsatgan, bo‘lishi mumkin.
– Shaharga avtobusda kelib ketaman. Shaharga kelgandan keyin qishloqqa yuk olib ketamiz. Yukni esa avtobusda olib ketish qulay. O‘rindiqlarni esa ko‘proq yuk ortish uchun olib tashlashgan bo‘lsa kerak-da. Axir dushanba va juma kunlaridan tashqari uzoqroq qishloqlarga qatnovchi avtobuslarda odam kam bo‘ladi, – deydi o‘zini tanishtirishni istamagan yo‘lovchilardan biri.
“Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida” gi qonunning 21-moddasida shahar yo‘lovchilar transporti vositalariga bir qator talablar belgilangan bo‘lib, ular xavfsizlik, mehnatni muhofaza qilish, ekologiya talablariga, shuningdek, standartlar va texnikaviy shartlarga ega bo‘lishi, 23-moddada esa tashuvchining majburiyatlari sifatida yo‘lovchilarni tashish yuzasidan belgilangan qoidalarga rioya etishi va harakat xavfsizligi, shahar yo‘lovchilar transportidan texnik foydalanish va uni ishlatish qoidalariga rioya etilishini ta’minlashi shartligi ko‘rsatilgan.
O‘rganishlar davomida avtoshohbekatda litsenziyasiz yo‘lovchi tashiyotgan haydovchilarga duch keldik. 85 F 693 HA va 85 O 640 GA raqamli avtomashinalar egalari garchi litsenziyalari bo‘lmasa-da yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.
– 85 F 693 HA avtomashina egasining litsenziyasi u a’zo bo‘lgan yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Firdavs Elyor Trans” MCHJ rahbariyati tashabbusi bilan bekor qilingan, – deydi viloyat transport boshqarmasi avtomobillarda tashuvlar xavfsizligini nazorat qilish bo‘limi 1-toifali inspektori Shahzod Rustamov. – 85 O 640 GA raqamli avtomashina egasiga berilgan litsenziya muddati esa joriy yilning 4 aprel kuni tugagan. Har ikkala holat yuzasidan bayonnoma rasmiylashtirilib, ularga litsenziyani tez kunlarda olishi lozimligi aytildi. Aks holda belgilangan muddat tugagach, ish sudga o‘tkazilishi tushuntirildi.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasining “Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida” gi qonuni 14-moddasida tashuvchi yo‘lovchilar tashishni maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosida amalga oshirishi belgilab qo‘yilgan. O‘ylanib qolasan kishi. Aholiga xizmat ko‘rsatilayotgan jamoat transportida qulaylik va maqbul shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida islohotlar olib borilsa-yu, ayrim haydovchilar o‘z bilganicha, qonun-qoidani chetlab o‘tgan holda harakat qilsa?! Ularga ruxsat beruvchi mutasaddilar esa “hech narsani o‘ylamasdan”, “ko‘zdan kechirmasdan” ruxsat berib, yo‘l varaqasini qo‘lga tutqazaversa?! Mavzuga esa yana qaytamiz.
[gallery-7289]
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA