Ahilligimiz, hamjihatligimiz ifodasi
Mamlakatimizda Vatanimiz mustaqilligining 28 yilligiga bagʻishlangan umumxalq xayriya hashari boshlandi.
Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!
Mamlakatimizda Vatanimiz mustaqilligining 28 yilligiga bagʻishlangan umumxalq xayriya hashari boshlandi.
Hovli-xonadonlarni tozalash, pokiza, ozoda va batartib saqlash, yon-atrofni supurib-sidirish milliy mentalitetimizning ajralmas qismini tashkil etadi. Toʻy-hasham, ezgu tadbirlar oldidan esa bu boradagi ishlar yanada faol tashkil etiladi.
Mamlakatimizda istiqlol yillarida milliy urf-odatlarimiz va ularning zamirida mujassam boʻlgan mehr-oqibat, insonni ulugʻlash, ijtimoiy hayotda mavjud murakkab masalalar, dolzarb muammolarni birgalashib hal qilishdek ibratli qadriyat tobora kengroq quloch yozmoqda.
Har yili Vatanimiz mustaqilligi sanasi arafasida oʻtkaziluvchi umumxalq hashari bu boradagi ezgu anʼanalarning amaldagi yorqin namunasidir. Bu yil ham umumxalq xayriya hashari erta tongdanoq uyushqoqlik bilan boshlandi.
Ezgu qadriyatlar tobora mustahkamlanib bormoqda. Bu borada koʻpchilik bilan bamaslahat holda oʻtkaziladigan, maʼnaviy hayotimizning uzviy qismiga aylangan hashar istiqlol yillarida yangicha maʼno-mazmun kasb etib, umummilliy anʼanaga aylangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-avgustdagi farmoyishiga binoan joriy yilning avgust oyi mamlakatimizda obodonlashtirish va tozalik oyligi hamda 17-18-avgust umumxalq xayriya hashari kunlari, deb eʼlon qilindi.
Hashar mahalla hududlarini, guzarlar, koʻchalar, muqaddas qadamjolar, ziyoratgoh va qabristonlarni tartibga keltirish, yakka-yolgʻiz qariyalar, nogironlar, boquvchisini yoʻqotgan, kam taʼminlangan oilalarga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatishda yana bir yaxshigina bahona yoki sabab, desak yanglishmagan boʻlamiz.
Joriy yilda Mustaqilligimizning 28 yillik bayramini “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” shiori ostida munosib nishonlashga tayyorgarlik koʻrish, jamiyatimizda oʻzaro mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini, begʻaraz yordam, mehr-muruvvat kabi ezgu fazilatlarni tobora mustahkam qaror toptirish, mahallalar, aholi turar joylarini obodonlashtirish maqsadida oʻtkazilayotgan umumxalq hashari yurtimizni yanada obod va fayzli boʻlishida oʻziga xos xayrli tadbir vazifasini oʻtaydi.
Ushbu tadbirni yurtimizning barcha hududlarida, eng chekka qishloq va ovullarda, mahallalarda ham uyushqoqlik bilan oʻtkazilishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvida umumxalq xayriya hasharini yuqori saviyada tashkil etish hamda oʻtkazish boʻyicha Ishchi guruhi tuzildi.
Umumxalq xayriya hashari joylardagi barcha tashkilotlar, muassasalar, korxonalar, shuningdek, fuqarolar yigʻinlari hududida uyushqoqlik bilan tashkil etilib, unda yurtdoshlarimiz faol qatnashmoqda. Eʼtiborga molik jihati ularning salmoqli qismini yoshlar tashkil etmoqda.
Ikki kun davomida el-yurt yumushiga bel bogʻlagan hasharchilarning gʻayrati bilan katta miqdordagi maydonda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ariq-zovurlar tozalanib, ziyoratgoh va qabristonlar tartibga keltirildi. Millionlab tup daraxtlarga shakl berilib, oqlanmoqda.
Respublikamiz boʻyicha koʻplab mahallalarda yuzga yaqin aholiga maishiy xizmat koʻrsatish va savdo shoxobchalari, sport inshootlari, goʻzallik salonlari, mahalla guzarlari barpo etilishi ayni hashar kunlarida nihoyasiga yetkazilmoqda. Shuningdek, yangi mahalla idoralari, bolalar sport maydonchalari, yangi ijtimoiy obyektlar foydalanishga topshirilayapti.
Hashar – insonlarga mehr-oqibat, odamiylikdan saboq beruvchi bebaho tarbiyaviy ahamiyatga ega tadbir. U oʻzaro mehr-oqibat rishtalarini, ayniqsa, yoshlar qalbida mahalla-koʻyga, ona Vatanga muhabbat tuygʻularini mustahkamlaydi. Qolaversa, hashar milliy qadriyatlar maskani sifatida mahallalarda maʼnaviy hayotimizni yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning namunasi hamdir.
Aynan hashar kunlari mahalla muhitida shakllangan va bugungi kunda rivojlanib borayotgan oʻzaro mehr-oqibat, ahillik va totuvlik, ehtiyojmand, yordamga muhtoj kimsalar holidan xabar olish, yetim-yesirlarning boshini silash kabi xalqimizga xos urf-odat va anʼanalar koʻlami yanada kengayadi va koʻplab savobli ishlar amalga oshiriladi.