Agrar sohada Turkiya bilan hamkorlik kengaymoqda
Qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, tarmoqqa o‘ziga xos innovatsiyalarni joriy etish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Sohada natijadorlikni oshirish maqsadida xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ularning tajribalarini o‘rganish masalalari doimiy e’tiborda.
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashida Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.


TIKA rahbari Ali Riza Tezkan bilan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi o‘rinbosari T.Sattarov, Agro axborot-innovatsiya markazi rahbari M.Yo‘ldashev uchrashdi.
Uchrashuvda har ikkala tomon yig‘ilganlarga o‘z faoliyati haqida batafsil ma’lumotlar berdi va tizimda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar borasida fikr almashildi.

Xabaringiz bor, Turkiyada bog‘dorchilik, issiqxonalar, tomchilatib sug‘orish tizimlarini ishlab chiqarish keng rivojlangan. Bu boradagi yutuqlar va tajribani yurtimizdagi tomorqa xo‘jaliklarida joriy etish o‘zini oqlashi shubhasiz.
Shu bois tomonlar kelgusida O‘zbekistonda limon, apelsin, mandarin, bodring, pomidor, achchiq qalampir ko‘chatlarini yetkazib berish yo‘nalishida hamkorlik qilishga kelishib olindi. Buning uchun O‘zbekiston fermer dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining Quva tumanidagi 395 gektarlik markazida ko‘chatchilik, Yangiyo‘l tumanidagi 20 gektarlik tomorqachilik markazida issiqxona, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida chorvachilik sohasida loyihalar amalga oshiriladi.

Natijalar kutilganidek bo‘lishi uchun kadrlar salohiyati ham muhimligi hisobga olinib, agrar sohada yoshlar va ayollarni qo‘llab-quvvatlash borasida Turkiya bilan hamkorlikda tajriba almashish o‘quv kurslari ham tashkil etish nazarda tutilgan.
Nilufar Bozorova, O‘zA